Falastinliklar Ramazonni qanday kutib oldi? (+video)
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi Ramazon boshlanishi arafasida hudud bo‘ylab oziq-ovqat tanqisligi har qachongidan kuchayganini aytib, o‘t otishni to‘xtatish bo‘yicha yana bir bor o‘z chaqirig‘ini bildirgan. Mahalliy matbuot Isroil kuchlari yuzlab falastinliklar Al-Aqso masjidiga kirishiga to‘sqinlik qilganini yozdi. XAMAS rahbari Ismoil Haniya Isroilni Ramazongacha sulh bitimiga erisha olmagani uchun ayblab, G‘azoda urushni to‘xtatmaydigan hech bir kelishuv ma’qul kelmasligini ta’kidlagan. Ro‘zaning birinchi kuniga tayyorgarlik vaqtida Rafoh va Nuseyrat qochqinlar qo‘nalg‘asiga hujum uyushtirilgan.
Jo Bayden Ramazon boshlanishi bilan G‘azoga ko‘proq gumanitar yordam yetkazish bo‘yicha sa’y-harakat davom ettirilishini bildirdi. Shuningdek, XAMAS tomonidan olingan asirlarni ozod qilish kelishuvi doirasida kamida olti hafta davomida urushni to‘xtatib turish uchun to‘xtovsiz harakat qilishini aytgan. Afsuski, bunga o‘xshash bayonotlar biror amaliy natija berayotgani yo‘q.
Buyuk Britaniya hukumati G‘azodagi musulmonlarni himoya qilish uchun 150 million dollar ajratishga va’da bergan. Ushbu mablag‘ to‘rt yil mobaynida butun mamlakat bo‘ylab masjid, maktab va jamoat joyida xavfsizlikni kuchaytirishga sarflanadi.
– Musulmonlarga nisbatan nafratga jamiyatimizda o‘rin yo‘q,– degan qirollik ichki ishlar vaziri Jeyms Kleverli o‘z bayonotida.
G‘azoliklar oldingilariga o‘xshamagan Ramazon oyini kutib olarkan, o‘z chodirlarini chiroq bilan bezatishdi. Turli qiyinchilikka qaramay, yakshanba oqshomi falastinlik bolalar muqaddas oy boshlanishini nishonladilar.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/vKxHo_h0fGc?si=948hLY2N1C2pxevp" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Sardorbek Poyonov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA