Faktoring xizmatlari rivojlantiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida O‘zbekistonda faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasida pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bo‘yicha taqiqni buzganlik uchun javobgarlikni bekor qilish, mijozning kontragenti norezident bo‘lganda faktoring operatsiyalarini xorijiy valyutada amalga oshirishga ruxsat berish, pul talabnomasidan voz kechish to‘g‘risidagi xabarnomalarni garov reyestrida ro‘yxatga olishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, loyihada tadbirkorlik sub’ektlariga faktoring xizmati ko‘rsatishga ixtisoslashgan faktoring tashkilotlarini tashkil etish, Faktoring tashkiloti faoliyatini nobank kredit tashkiloti sifatida reyestrga kiritish va uning faoliyatini Markaziy bank tomonidan tartibga solish belgilanmoqda.
Qonun loyihasi bilan pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi normalar kiritilmoqda. Pul talabnomasidan voz kechish to‘g‘risidagi xabarnomani garov reyestrida ro‘yxatga olish tartibi o‘rnatilmoqda. Mijozning kontragenti norezident bo‘lganda faktoring operatsiyalarini chet el valyutasida amalga oshirish uchun ruxsat berishga, shuningdek, moliya agentlari hamda qarzdorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar nazarda tutilmoqda.
Ta’kidlandiki, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda faktoring xizmatlarini amalga oshirishning xalqaro amaliyotga mos qonunchilik bazasi yaratilishiga xizmat qiladi. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy xizmatlardan keng foydalanishga bo‘lgan talabini qondirish hamda tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalaridan biri bo‘ladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA