Tarix muzeyining 150 yilligi munosabati bilan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining 150 yilligi munosabati bilan “Muzeyshunoslik XXI asrda: tadqiqotlar, an’analar va innovatsiya” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi hamda “Sciencye and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston va xorijiy davlatlarning tarix, arxeologiya, muzeyshunoslik hamda madaniy merosni asrash sohalaridagi yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.
Konferensiyaning ochilish marosimida davlat tashkilotlari, ilmiy muassasalar va muzeylar rahbarlari so‘zga chiqib, tarixiy-madaniy merosni o‘rganish va asrab-avaylashda muzeylarning o‘rni, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashning ahamiyatini ta’kidladilar. Tadbir doirasida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining 150 yilligiga bag‘ishlangan videorolik ham namoyish etildi.
Anjuman davomida arxeologik va tarixiy merosni tadqiq etish, muzey kolleksiyalarining ilmiy salohiyatini ochib berish, tarixiy ob’ektlarni konservatsiya va restavratsiya qilish, raqamli texnologiyalarni muzey faoliyatiga joriy etish hamda etnografik merosni zamonaviy usullarda namoyish etish masalalari muhokama qilindi.
Ozarbayjon, AQSH, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Eron, Tojikiston, Yaponiya va boshqa davlatlar vakillari tomonidan taqdim etilgan ma’ruzalar doirasida sohadagi zamonaviy ilmiy yondashuvlar va xalqaro tajribalar yuzasidan fikr almashildi.
Konferensiyaning yakuniy dasturi doirasida ishtirokchilar O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining yangilangan ekspozitsiyasi bilan tanishdilar. Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif tashkil etildi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya muzeyshunoslik sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, ilmiy tajriba almashish va tarixiy-madaniy merosni asrash hamda targ‘ib etish borasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Mehrojiddin Umurzakov, Oybek Davronov, O‘zA