E’zoz va ehtiromga munosib fidoyilar
FOTOREPORTAJ
Prezidentimizning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq yuksak e’tirofga sazovor bo‘lganlar orasida 5 nafar farg‘onalik ta’lim fidoyilari ham bor.
Farg‘ona viloyat hokimligida davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat sektorlari rahbarlari, ta’lim sohasi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
[gallery-19550]
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov barchani O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabriklab, so‘nggi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritdi. Yangi O‘zbekistonda ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalaridan biri sifatida belgilangani, barcha kuch va imkoniyatlarimizni yoshlarimizning intellektual va jismoniy kamoloti, ularning sifatli ta’lim olib, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun safarbar etilayotgani ta’kidlandi.
Mana shunday ulkan ishlarda o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni va mehnati beqiyos ekani qayd etilib, ta’lim sifati reytingida Farg‘ona viloyati ham yetakchi o‘rinni egallayotgani e’tirof etildi.
Tantanali tadbirda davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirildi. Mukofotlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar ustozlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va rag‘bat uchun minnatdorlik bildirdi.
Tadbir “Wine Garden” majmuasida shahar-tumanlardan kelgan o‘qituvchi va murabbiylar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda mehnat faxriylari ishtirokidagi katta bayram tantanasiga ulandi. Taniqli san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, go‘zal raqslar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA