Ezgulikka yo‘g‘rilgan umr
Ustoz jurnalist, atoqli ijodkor Sa’dulla Hakimov samimiy, oqko‘ngil, boshqalardan yordamini ayamaydigan inson edi.
U kishi muayyan bir muddat O‘zbekiston Milliy axborot agentligida – O‘zA Bosh direktori o‘rinbosari lavozimida ham mehnat qilgan. Sa’dulla aka bilan bog‘liq xotiralar shuki, insondan bu dunyoda faqat yaxshilik, ezgu va ibratli amallar, yaxshi nom qolar ekan.
Kimningdir muammosini o‘rganib, unga ko‘maklashish, berilgan topshiriqning bajarilishi uchun o‘zi ham imkon qadam yordam qo‘lini uzatish, xodimning yanada yaxshiroq mehnat qilishi uchun qo‘lidan kelganicha imkon yaratish, ishi va amalining birligi, to‘g‘riso‘zlik ustoz Sa’dulla Hakimovga xos bo‘lgan fazilatlardan edi.
Har bir yumushga jiddiylik va o‘zgacha mas’uliyat bilan yondashish, o‘zgalarni ayblamaslik, to‘g‘rilik, xolislik va halollik ustoz ijodkorning tabiatida ustuvor edi.
Sa’dulla Hakimov 1951-yil 25-martda Jizzax viloyati Forish tumanidagi so‘lim Garasha qishlog‘ida tug‘ilgan. 1977-yilda ToshDUning – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan.
Ustoz jurnalist «Saxovat» jurnalida, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», «O‘zbekiston ovozi» gazetalarida adabiyot va san’at bo‘limi mudiri, mas’ul kotib, «Ma’rifat» gazetasida bosh muharrir (1992-1996), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida Axborot targ‘ibot-tahlil markazining rahbari, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAda Bosh direktor o‘rinbosari, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining bosh muharriri bo‘lib mehnat qilgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a’zosi bo‘lishi bilan birga 2002-yilda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi» unvoniga sazovor bo‘lgan.
Sa’dulla Hakimovning «Hamal tonglari» (1981), «Sen kutgan bahor» (1986), «Yoz oqshomi» (1996), «Ona so‘z» (2000), «Saylanma» (2001), «Ko‘ngil yuzi» (2006), «Ko‘hna naql» (2011) kabi o‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari nashr etilgan. («Esimda qolgan kunlar», «Atom qa’riga sayohat» va boshqa ko‘plab publitsistik asarlarning muallifidir. Sa’dulla Hakimov Gyote, Pushkin, Lermontov, Yesenin, Yunus Emro kabi shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Ustoz ijodkor Sa’dulla Hakimovning hayoti, ibratli fazilatlari bilan bog‘liq yorqin xotiralar ko‘plab jurnalistlar, ziyo ahli xotirasida hamon yashamoqda!
N.Usmonova,
O‘zA