Ezgulikka yoʻgʻrilgan qadriyatlar
Navroʻz. Koʻhna va boqiy qadriyat! Necha-necha asrlarning ardogʻida qalblarga jo boʻlib kelayotgan ezgulik ayyomi.
Navroʻzing – yangi kun, yangi davroning
muborak, jonajon Oʻzbekistonim!
Navroʻz tabiat uygʻonib, boʻyi yetgan boʻyni taratadigan, ezgu niyatlar bilan bobodehqonlar baraka urugʻini yerga qadaydigan, chorvadorlar “elimning iligi but boʻlsin“ deya seroʻt yaylovlarga podani yoyadigan, yangi mehnat mavsumi boshlanib, odamlar qalbida tabiatga hamohang nafis tarovatga yoʻgʻrilgan yangilanish hissi joʻsh urgan bir davrda nishonlanadi.
Ushbu qadimiy bayramning oʻziga xos boʻlgan, asrlar davomida har bir avlod tomonidan sayqallanib kelayotgan ajoyib anʼanalari bor. Bu anʼanalar qat-qatiga mehr-muruvvat, tinchlik-totuvlik, ahilligu birdamlik, serhosillik va qut-baraka, obodonchiligu bunyodkorlik gʻoyalari singib, jon va tan singari uygʻunlashib ketgan.
Azaldan xalqimiz Navroʻz bayrami shodiyonalarini “Boychechak sayli“ bilan boshlagan. Koʻklamning ilk kunlarida astagina bosh koʻtarib, goʻyoki qish ustidan gʻolib boʻlib, “qattiq yerdan qatalab chiqqan“ boychechaklar koʻrinishi bilan “boychechak sayli“ marosimi oʻtkazilgan. Ushbu Navroʻzoldi marosimda bolajonlar oʻzlari terib kelgan boychechaklarni uzun tayoq uchiga bogʻlab, koʻklam darakchisi sifatida mahalla boʻylab koʻtarib, aylanib yurishgan. Keksalar, bemorlar boychechakni koʻzlariga surtib, “Omonlik, omonlik, hech koʻrmaylik yomonlik. Yanagi yil shu kunlarga eson-omon yetaylik“ deb shukronalar aytganlar. Boychechak xabarini olib kelganlar esa shirinliklar bilan siylangan. Yil almashadigan kun arafasida chor-atrof, ariq-zovurlar tozalanib, nihollar ekilgan. Barcha obodonlashtirish ishlari necha ming yillik hashar anʼanasi orqali amalga oshirilgan.
Xonadonlarda davomiy odatga koʻra “uy koʻtarilgan“, hamma yoq supurib-sidirilib, keraksiz eski buyumlar chiqarib tashlangan. Zahmatkash bobodehqonlarimiz ham serhosillikni niyat qilib, ekin ekiladigan yerlarga qoʻsh chiqarib, “shox moylar“ marosimini oʻtkazishgan. Yetti xil dondan Navroʻz goʻjalari, yetti xil bahoriy koʻkatlardan koʻk somsalar tayyorlanib, qoʻni-qoʻshnilar, qarindosh-urugʻlar, mahalla-koʻy bilan birgalikda baham koʻrilgan.
Mehr-muhabbat, oʻzaro totuvlik, ahillikni aks ettiradigan “Qozon toʻldi“ udumi ham Navroʻzoldi udumi sifatida uzoq yillardan buyon nishonlanib kelinadi. Ushbu oilaviy udum hut oyining oxirgi kechasida oʻtkazilgan. Har bir xonadon bekalari biror bir tansiq taom, koʻk somsa, turshak sharbati tayyorlab, oʻtgan ajdodlar haqiga “is“ chiqarib, boʻgʻirsoq pishirganlar. Tayyorlangan taomlar qoʻni-qoʻshnilar, qarindoshlar, bemor va keksa kishilar yashaydigan xonadonlarga ulashilgan. Boshlanayotgan yil qut-barakali kelishini niyat qilib, uydagi idishlar suvga toʻldirib qoʻyilgan.
Koʻpincha ushbu oqshomda Navroʻzning shoh taomi, tansihatlik timsoli sanalgan sumalak yaqinlar, qarindosh-urugʻlar bilan birdamlikda tayyorlangan. Navroʻz kunlari esa odamlar dala-qirlarga, bogʻu rogʻlarga saylga chiqqanlar. Gilamdek toʻshalgan mayin maysalar ustida turli oʻyinlar tashkil etilgan. Er-yigitlar qadimdan yangi yilda hosil moʻl boʻlishiga goʻyoki sehrli taʼsir koʻrsatish maqsadida oʻynalgan ramziy oʻyin – “qoʻchqor urishtirish“, “koʻpkari“ kabilarni avj oldirgan.
Qiz-juvonlar esa toʻplanishib, bogʻlardagi azim daraxtlarning shoxlariga arqon bilan argʻimchoq yasashib, “yil boʻyi bilib-bilmay qilgan gunohlarimiz toʻkilsin“, deya halinchak uchganlar. Hatto keksa momolar ham “ogʻirligim yerga tushib, yengil boʻlayin“, deb argʻimchoq uchishgan. Yoshlar esa momolari yoshiga yetishni orzu-niyat qilib, ularga hamrohlik qilganlar. Oʻzaro urushib qolganlar yarashtirilib, gina-kudratlar unutilgan. Birgalashib bahorni madh etadigan qoʻshiqlar, laparlar ijro etib, bahor ayyomi nishonlangan...
Har biri bir olam ezgu maqsadlarga yoʻgʻrilgan Navroʻz bilan bogʻliq marosimlar, urf-odatu anʼanalar talaygina. Eʼtiborli jihati shundaki, Navroʻz anʼanalari haqida toʻxtalar ekanmiz, ularning barchasida “koʻpchilik bilan birgalikda“ degan soʻz birikmasi takror qoʻllanilishi kishini toʻlqinlantiradi. Chindan ham xalqimiz azaldan bir-biriga yondosh boʻlib, ezgu maqsad sari oʻzaro birdamlikda, hamjihatlikda yashagan. Buni qutlugʻ qadriyat – Navroʻz misolida yaqqol koʻrish mumkin. Koʻklam nafasi ufurishi bilan yurtimiz boʻylab turli xonadonlarda doshqozonlar osilib, Navroʻz shoh taomi pishirilishining guvohi boʻlamiz. Ajib manzara... Sumalak pishirilayotgan xonadon bamisli toʻyxonadek gavjum. Koʻpni koʻrgan nuroniy bobolar “danagidan magʻzi shirin“ nabiralariga topishmoqlar, matallar aytadi. Momolar yaxshi niyat bilan sumalak kovlayotgan qiz-juvonlar bilan birga qadimiy termalar kuylaydi. Tinchlik va totuvlikda, ahillik va inoqlikda shodiyonalar qiladi. Katta-katta sayllar tashkil etadi.
Ha, bugungi nurafshon kunlarda Navroʻz oʻz tarixiy umri davomida chinakamiga qadr topib, qadriabad qadriyat sifatida nishonlanib kelinmoqda. Hali hamon bu ayyom odamlar qalbiga buyuk bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishda ruhiy-maʼnaviy quvvat berib kelmoqda. Uning zamiridagi birdamlik, mehnatsevarlik, yaratuvchanlik, mehr-muhabbat singari koʻplab ezgu gʻoyalar oʻsib kelayotgan bugungi kun yoshlarining yuksak maʼnaviyatli boʻlib kamol topishida muhim ahamiyatga ega ekani, shubhasiz. Tarixi koʻhna zamonlarga tutash boʻlgan, asrlar davomida intizorlik bilan kutilib, nishonlanib kelinayotgan Navroʻz bayrami donishmand xalqimizning boy tafakkur mahsuli, maʼnaviyatining koʻzgusidir. Ushbu maʼnaviyat bulogʻidan bahramand boʻlayotgan davr yoshlariga Navroʻz bayrami chinakamiga ajdodlardan munosib meros, bebaho tuhfadir.
Munis JOʻRAYEVA,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori.