Ezgulik va xayr-saxovat ayyomi
Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Navro‘z bayrami arafasida yurtimizda xayr-saxovat ishlari, mahallalar obodligi, muhtoj oilalar holida xabar olish kabi xayriya tadbirlari keng miqyosda quloch yozmoqda.

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limi tashabbusi bilan “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor mavsumida ko‘chatlar ekish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning xonadonlariga tashrif buyurib, xayriya tadbirlari o‘tkazildi.

Jumladan, Yunusobod tumani Buyuk Turon mahallasi hududida istiqomat qiluvchi 2 nafar, Yashnobod tumani Yangi davr va Jarqo‘rg‘on mahallalarida istiqomat qiluvchi 2 nafar, Olmazor tumani Chig‘atoy Darvoza, Bo‘stonobod mahallasida istiqomat qiluvchi 4 nafar, Mirobod tumani Mirobod hamda Yangi zamon mahallalarida yashovchi 4 nafar, Sergeli tumani Madadkor, Ziynat mahallalarida istiqomat qiluvchi 4 nafar, Chilonzor tumani Zarqo‘rg‘on va Kichik Xirmontepa mahallalarida istiqomat qiluvchi 8 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 16 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari berilib, mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Ushbu tadbirga “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan 8 million so‘m xayriya mablag‘i ajratildi.
Bu kabi ezgulik va xayr-saxovat bilan yo‘g‘rilgan tadbirlar shahrimizning boshqa mahallalarida ham izchillik bilan davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya
jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limi