“Ezgulik manzili” – Andijonda
Andijonda Sog‘liqni saqlash vazirligining “Ezgulik manzili” xayriya aksiyasi doirasida tibbiy ko‘rik, davolash muolajalari hamda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda.
Mamlakatimizda, aholi, ayniqsa, bolalar salomatligini saqlash, ularning sog‘lom va barkamol voyaga yetishlari uchun keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Andijonlik bolalarning salomatligini nazoratdan o‘tkazish, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish hamda mutaxassis shifokorlarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida poytaxtimizdagi yetakchi tibbiyot muassasalari va markazlarining malakali mutaxassislaridan iborat shifokorlar tomonidan viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida tibbiy ko‘rik, davolash muolajalari hamda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda.
Pediatr, otolaringolog, plastik xirurg, xirurg-anesteziolog, travmatolog-ortoped, oftalmolog singari qator ixtisosliklar bo‘yicha 10 nafardan ziyod malakali mutaxassislar tomonidan andijonlik bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
[gallery-7414]
– To‘qqiz yoshli qizimning burnida go‘sht o‘smasi paydo bo‘lib, nafas olishga qiynaladi, –– deydi Asaka tumani Qoratepa mahallasida yashovchi Nargiza Sobirova. – Qizimni aksiya doirasidagi ko‘rikka olib kelib, mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazdik. Zarur tavsiya va maslahatlar oldik.
Tibbiy ko‘rikka tashrif buyurgan bolalarni davolash va salomatligini tiklash bo‘yicha mutaxassis va shifokorlar ota-onalarga zarur tavsiya va maslahatlar bermoqda. Bir guruh og‘ir holatdagi bemor bolalar davolanishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, yana bir guruhida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Andijonda aksiya doirasidagi tibbiy ko‘riklar 8 iyunga qadar davom etadi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA