“Evrika” tanlovida yosh olimlar taqdirlandi (+Video)
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ilm-fan targ‘ibot markazi tashabbusi hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati homiyligida yosh olimlarning fan va innovatsiya sohasida "Evrika" tanlovi tashkil etilgan edi.
Tanlovning asosiy maqsadi 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlar va mutaxassislarning fan va innovatsiya sohasidagi yuqori natijalarini munosib rag‘batlantirishdan iborat.
Tanlov “Raqamlar dunyoni boshqaradi”, “Tabiat va inson”, “Texnika va IT texnologiyalar olami”, “Jamiyat, tarix, madaniyat arxeologiya, tarix, etnografiya, filologiya, iqtisodiyot, huquq, san’at”, “Faol yosh olima ayollar uchun” kabi 5 yo‘nalishda bo‘lib o‘tdi.
"Evrika" tanlovining yakuniy bosqichida 50 ga yaqin yoshlarning ishlari ko‘rib chiqildi.
G‘oliblar yosh olimlarning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi ahamiyati, ularning ilmiy natijalarini kelgusida qo‘llash imkoniyatlarini hisobga olgan holda belgilandi.
— Ushbu tanlov 3 oydan buyon o‘tkazilib kelinyapti, —deydi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti birinchi bosqich doktoranti Fazilat To‘raxo‘jayeva. —Birinchi institut, so‘ngra Fanlar akademiyasi bosqichidan o‘tdik. Men qattiq jismlar mustahkamligini oshirish mavzusidagi ilmiy ishimni tanlovga topshirdim. Ilmiy ishimni tanlov g‘olibligiga munosib ko‘rishganidan xursandman.
Birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan olimlar 10 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Qolgan g‘oliblarga ham homiylar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/7JLE2FqVpJs?si=v2QQNi8C9e_H3C_S" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
A.Ahmedov (video),
O‘zA