Eski qarzdorlikning yangi egasi kim?
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, fuqarolar ko‘chmas mulkni sotib olgandan so‘ng ayrim hollarda sobiq mulkdorga tegishli bo‘lgan kommunal qarzdorliklar yangi mulkdor zimmasiga yuklatilmoqda. Bu amaliyot “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasiga nomuvofiq hisoblanadi. Unga ko‘ra, shartnomada iste’molchi huquqlarini cheklovchi har qanday shartlar noqonuniy deb topilishi belgilangan.
Mazkur holatlar asosan inson omili (ma’lumotlarni billing tizimiga noto‘g‘ri kiritish), idoralararo elektron tizimlarda ma’lumotlarning o‘z vaqtida yangilanmasligi hamda oldi-sotdi shartnomalariga qonunchilikka nomuvofiq bandlarni kiritish natijasida yuzaga kelmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ko‘chmas mulk bitimlari notarial tasdiqlanishidan oldin “NOTARIUS” ATT orqali kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzdorliklar majburiy tekshiriladi. Qarzdorlik mavjud bo‘lmagan taqdirdagina shartnomani rasmiylashtirishga ruxsat beriladi. Shuningdek, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar billing ma’lumotlarining haqqoniyligi va ularni elektron tizimlarga o‘z vaqtida kiritish uchun javobgar hisoblanadi.
Misol tariqasida, Raqobat qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilgan murojaatda Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro tomonidan xonadon sotib olingani, oldi-sotdi shartnomasi notarial tartibda rasmiylashtirilgani va jarayonda “NOTARIUS” ATT tizimida hech qanday qarzdorlik aniqlanmagani ma’lum qilingan. Biroq ma’lum vaqt o‘tgach, “Samarqand suv ta’minoti” AJ tomonidan fuqaroga mazkur xonadonning sobiq egasiga tegishli bo‘lgan 13 million so‘m miqdoridagi qarzdorlik yuklatilgan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 106-sonli qarori bilan tasdiqlangan tartibga muvofiq, ko‘chmas mulk bitimlari notarial tasdiqlanishidan oldin “NOTARIUS” ATT orqali soliq va kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzdorliklar, shuningdek mulkka nisbatan cheklovlar majburiy tekshiriladi. Faqat qarzdorlik va cheklovlar mavjud bo‘lmagan taqdirdagina hujjatlarni rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikka asosan, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘z billing tizimlaridagi ma’lumotlarning haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanib, ushbu ma’lumotlarni idoralararo elektron hamkorlik tizimiga aniq vaqt rejimida (onlayn) yuborilishini ta’minlashga majbur.
Qo‘mita tomonidan “O‘zsuvta’minot” AJga yuborilgan so‘rov asosida o‘tkazilgan qayta xatlov natijasida mazkur qarzdorlik tashkilotning sobiq xodimi tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolik sababli billing tizimida asossiz shakllangani tasdiqlandi. Natijada fuqaroning huquqlari tiklanib, uning foydasiga 13 million so‘m qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Mazkur holatda, oldi-sotdi shartnomasida “Agarda qarzdorlik vujudga kelgan taqdirda sotib oluvchi to‘laydi” degan mazmundagi bandlar mavjud bo‘lsa-da, iste’molchining huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonunchilikka zid bo‘lgan bunday talablar haqiqiy emas deb hisoblanadi. Shartnomada monopol tashkilotning manfaatlarini ifoda etuvchi, iste’molchilarning qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsituvchi yoki cheklovchi shartlarni kiritish taqiqlanadi.
Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Raqobat qo‘mitasining notarial idoralar tomonidan rasmiylashtirilayotgan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalaridan qarzdorlikni sotib oluvchi zimmasiga yuklovchi bandlarni chiqarib tashlash bo‘yicha Adliya vazirligiga takliflari yuborildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA