Eshkak eshuvchilarimiz Osiyo chempionatida tengsiz
Qozog‘istonning Turkiston shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha U18 va U23 yosh toifalari o‘rtasidagi Osiyo chempionati yakunlandi. Qit’a birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqa natijalari mamlakatimizda eshkak eshish sport turlarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar o‘z samarasini berayotganini yana bir bor tasdiqladi U18 hamda U23 yosh toifalarida o‘zbekistonlik sportchilar yuqori natijalarni qayd etib, Osiyodagi yetakchilik maqomini mustahkamladi.

Xususan, U23 yosh toifasida yurtdoshlarimiz 8 ta oltin, 8 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, jami 22 marotaba shohsupaga ko‘tarildi. U18 yosh toifasida esa natijalar yanada ta’sirli bo‘lib, sportchilarimiz 14 ta oltin, 6 ta kumush va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi chempionatni 22 ta oltin, 14 ta kumush va 8 ta bronza, jami 44 ta medal bilan yakunladi. Ayniqsa, oltin medallar soni bo‘yicha yaqqol ustunlik mamlakatimiz vakillarining tayyorgarlik darajasi yuqori ekanini ko‘rsatdi.
E’tiborli jihati, chempionatda muvaffaqiyat qozongan sportchilarning asosiy qismi hali o‘smirlar va yoshlar toifasidagi atletlar hisoblanadi. Bu esa kelgusida kattalar o‘rtasidagi nufuzli xalqaro musobaqalarda ham O‘zbekiston eshkak eshish maktabi vakillaridan yuqori natijalar kutish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA