“Eshitmoqchiman!” loyihasi amalga oshirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini jihozlash dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyati nogiron bolalarni, shu jumladan eshitish qobiliyati zaif bolalarni o‘qitish, tarbiyalash va reabilitatsiya qilish uchun shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan bolalarning yoshligidanoq eshitish nuqsonlarini o‘z vaqtida tuzatish, eshitish nuqsonlari bo‘lgan bolalarni davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘qitish va tarbiyalash uchun maqbul shart-sharoitlarni ta’minlash zarurligini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi hamkorligida “Eshitmoqchiman!” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Xususan, 442-sonli, 46-sonli, 404-sonli davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarini zamonaviy eshitish apparatlari bilan ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish agentligi tomonidan “Zamin” xalqaro jamoat fondi ko‘magida yangi avlod eshitish apparatlari xarid qilindi.

Shuningdek, ayni paytda davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining audio sinflarini (FM tizimlari) jihozlash uchun ilg‘or yuqori texnologiyali uskunalar xarid qilish jarayoni amalga oshirilmoqda.

Mohigul Qosimova, O‘zA