Esdalik nishoni egalariga topshirildi
Konstitutsiya xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi sifatida demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan xalqimiz ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shib kelayotgan yurtdoshlarimizni taqdirlash maqsadida Prezidentimizning tegishli farmoni va Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilingan edi.

Madaniyat vazirligida “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov milliy madaniyatimiz va san’atimizni yanada yuksaltirish bugungi islohotlarda ustuvor o‘rin tutayotganini ta’kidladi.
Tadbirda bir guruh madaniyat va san’at sohasi vakillari “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan bir guruh fidoyi xodimlarga esdalik nishonini topshirish marosimi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida ham bo‘lib o‘tdi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Bosh qomusimiz mustaqil demokratik-huquqiy davlatni shakllantirish va rivojlantirishning asosiy omili sifatidagi o‘rni haqida alohida to‘xtaldi.

Tizimda erishilgan islohotlar, sohadagi yutuqlar haqida so‘z borar ekan, vazirlikning har bir xodimi oliy va professional ta’lim tizimi uchun mas’ul ekanini ta’kidlandi.
Soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh xodimlar “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Qayd etilganidek, bugun tizimda samarali faoliyat yuritayotgan xodimlarning bir guruhi davlatimizning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lgani tizimda olib borilayotgan xalqchil islohotlarning yorqin namunasidir.
O‘zA