Erkinjon Turdimovga “Dinamo”da 49-raqam berildi
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov 10 oktyabr kuni “Dinamo” professional futbol klubi rahbarlari, murabbiylar va futbolchilar, muxlislar vakillari bilan uchrashdi.
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov 10 oktyabr kuni “Dinamo” professional futbol klubi rahbarlari, murabbiylar va futbolchilar, muxlislar vakillari bilan uchrashdi.

Viloyat bosh jamoasi joriy mavsumda milliy chempionat pro-ligasida toʻp surmoqda. Ayni paytda “Dinamo” 25 oʻyinda 34 ochko jamgʻargan holda turnir jadvalining 5-pogʻonasidan joy egallagan. Klub moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, futbolchilar va murabbiylar uchun zarur shart-sharoit yaratish va ularni munosib ragʻbatlantirishda bir qator muammolar kuzatilmoqda.

Shu sababli viloyat hokimi ushbu masalalarga eʼtibor qaratib, klub faoliyatini qayta koʻrib chiqish, boshqaruvni takomillashtirish zarurligini taʼkidladi. Jamoa rahbarlari, murabbiylar va futbolchilar, shuningdek, mutasaddilardan ushbu vaziyatdan chiqish boʻyicha takliflarni soʻradi. Uchrashuvda bildirilgan har bir taklif yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berildi. Jumladan, jamoa mashgʻulotlari uchun munosib oʻyingoh ajratish, “Dinamo” stadionidan foydalanish, zamonaviy avtobus xarid qilish va futbolchilarni oʻz vaqtida ragʻbatlantirib borish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi. Viloyat rahbari “Dinamo”ning kelgusi mavsumda super ligada toʻp surishi uchun barcha imkoniyat yaratib berilishini qayd etdi.
Shuningdek, uchrashuvda E.Turdimov pro-ligada toʻp surayotgan viloyatning yana bir jamoasi “Sherdor” futbolchilarini koʻrsatayotgan chiroyli oʻyini va erishayotgan natijalari uchun ragʻbatlantirish maqsadida 500 million soʻm mukofot puli ajratilishini maʼlum qildi.
Uchrashuv yakunida “Dinamo” bosh murabbiy D.Fayziyev E.Turdimovga jamoaning 19-raqamli futbolkasini topshirdi va klub viloyat rahbari ishonchini oqlashini bildirdi.