Erkinjon Turdimov olimlarning oilalarini yo‘qladi
O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik Boturxon Valixo‘jayevning xonadoniga borib, ulug‘ olimni yodga oldi. B.Valixo‘jayevning turmush o‘rtog‘i va oila a’zolarini o‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabrikladi.
– Botirxon Valixo‘jayev o‘zbek mumtoz adabiyotining yetuk bilimdoni, ulug‘ navoiyshunos olim edilar, – dedi E.Turdimov. – U kishining nihoyatda kamtarin va yuksak inson fazilatlarga ega bo‘lganliklari barchamiz uchun ibrat namunasidir. Botirxon aka Prezidentimizning ham hurmat va e’tiborlarini qozongan inson edilar va har gal Samarqandga kelganlarini u kishini yodga olib, suhbatlarini eslab turadilar.

Shuningdek, viloyati hokimi O‘zbekiston Qahramoni Hasan Normurodovning xonadoniga borib, uning oila a’zolari bilan suhbatlashdi.

Suhbat chog‘ida Hasan Normurodovning ibratli faoliyati, ustozlik maqomida ko‘plab yoshlarga, rahbarlarga saboq bergani, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgani va fidoyiligi yodga olindi.

- Hasan Normurodov Samarqandning asl farzandi, barchamiz uchun qadrli inson, aziz ustoz edilar, - dedi E.Turdimov.
G‘.HASANOV, O‘zA