Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi bitiruvchilarining barchasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi
Yoshlar — har qanday jamiyatning nafaqat ertangi kuni, balki bugunini ham belgilab berayotgan asosiy kuch.
Bugun bilim olishga, izlanishga va innovatsion g‘oyalarni amalga oshirishga intilayotgan yoshlar o‘z kelajagini va mamlakat taraqqiyotining yo‘nalishini ham belgilamoqda. Ular uchun diplomning o‘zi emas, bilimni amaliyotga tatbiq etish, yangilik yaratish va jamiyatga foyda keltirish muhim maqsadga aylanmoqda. Bilimli, tashabbuskor va maqsadli yoshlar ko‘paygan sari, jamiyatning imkoniyatlari ham kengayadi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabining 2025-2026 o‘quv yilidagi 35 nafar bitiruvchisining barchasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Bitiruvchilarning o‘rtacha natijasi 186,1 ballni tashkil etdi.
Ularning 26 nafari davlat granti, 9 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda “Cyber University” kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘ldi.
Qayd etish lozimki, 100 foizlik natija o‘quvchilarning bilim va maqsad sari intilishi, ustozlarning fidokorona mehnati hamda ota-onalarning doimiy qo‘llab-quvvatlashi samarasidir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA