Erkin va farovon hayotimiz kafolati
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy hamda targ‘ibot-tashviqot tadbirlari boshlandi.
Nukus shahridagi 46-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Yangi O‘zbekiston-Yangi Renessans” mavzusida o‘tkazilgan ochiq muloqotda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari M.Xodjimatov, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti M.Yo‘lchiyeva, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist H.Toshpulatov va boshqalar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatimizning siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotini tubdan yangilash, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini real voqelikka aylantirish borasida salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar, hayotimizning barcha jabhalarini erkinlashtirish, iqtisodiyot va uning tarmoqlari, xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish borasida katta o‘zgarishlar xalqimizni har tomonlama xursand qilmoqda. Albatta, bularning barchasi qo‘lga kiritilgan davlat mustaqilligining samarasidir.
Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayrami keng turda nishonlanadi. Yurtimizning barcha joylaridagi singari Orolbo‘yida bayramni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan joylarda taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar va badiiy kechalarning asosiy maqsadi, mustaqilligimizning mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishdan iborat.
Darhaqiqat, o‘tgan qisqa davr mobaynida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal etish, huquq va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish, aholi bandligini ta’minlash, uning real daromadlarini izchil oshirib borish, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot, sport sohalarini tubdan rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
– bugungi kunda qaysi sohani qaramaylik, ijobiy o‘zgarishlar bilan yangilanishlarning guvohi bo‘lamiz,-– deydi O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva. – Buni Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlaridan ham ko‘rishimiz mumkin.
Tadbir ishtirokchilariga taniqli san’atkorlar bilan maktab jamoasi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.
Shuningdek, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Mustahkam oila – jamiyat ko‘rki” mavzusida davra suhbati, Nukus shahridagi Bestobe mahalla fuqarolar yig‘inida “Mahallam faxrim mening – tinchligim baxtim mening!” mavzusida aholi bilan uchrashuv kechasi va boshqa ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA