Erdog‘an: Turkiya YeIga muhtoj emas!
Turkiya hech qachon Yevropa Ittifoqidan yordam olishga intilmagan, bunga ehtiyoji ham yo‘q. Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an “PBS” telekanaliga intervyu berarkan, shu mazmunda gapirdi.
YeIga kirish imkoniyatidan voz kechish ehtimoli to‘g‘risidagi bayonotida u jumladan yana shunday dedi:
- Turkiya so‘nggi ellik yildir-ki, YeI ostonasida turibdi. Binobarin, biz doim o‘zimizga to‘qmiz, hech qachon YeI mablag‘i yoki yordamiga muhtoj bo‘lmaganmiz, buning uchun ehtiyoj ham yo‘q.
Yetakchi ta’kidlashicha, Turkiya YeIga, Shvetsiya NATOga qo‘shilishi masalasi bir-biriga bog‘liq emas.
– Biz ko‘p bor aytganmiz: Shvetsiyaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlaymiz, ammo Stokgolm ko‘chalarida terrorchilar emin-erkin yurgan bir paytda, hukumat bergan va’dasini bajarishi lozim, – deya ta’kidlagan Erdog‘an. – Shvetsiya Alyansga a’zo bo‘lishining Turkiya AQSHdan qirqta bombardimonchi “F-16 Block-70” samolyotlarini sotib olishiga mutlaqo aloqasi yo‘q.
Avvalroq u Anqara “YeI bilan yo‘lni ayirishi mumkin”, tarzida bayonot bergan edi.