Epizootik vaziyat doimo nazoratda bo‘lishi kerak
Samarqand viloyatida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xodimlari uchun chorvachilikda uchraydigan yuqumli kasalliklar va ularga qarshi choralar ko‘rish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi.
Samarqand viloyatida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xodimlari uchun chorvachilikda uchraydigan yuqumli kasalliklar va ularga qarshi choralar ko‘rish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi.
Veterinariya boshqarmasi boshliqlari, ilmiy-tekshirish institutlari xodimlari va tadqiqotchilar uchun tashkil etilgan tadbirda asosiy e’tibor chorva mollari orasida uchraydigan bir qator yuqumli kasalliklar, ularni davolash hamda oldini olish choralari o‘rganildi.
Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Butunrossiya hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish ilmiy tadqiqot instituti Axborot tahlil markazi sho‘ba mudiri Viktor Nikiforov tomonidan maxsus mashg‘ulotlar tashkil etildi. Unda oqsil kasalligi bo‘yicha olib borilayotgan izlanishlar, kasallikni erta tashxislash va uning oldini olish borasidagi yangiliklar, tatbiq etilayotgan xalqaro tan olingan tajribalar xususida fikr-mulohazalar almashildi.
– Mamlakatimizda oqsil kasalligi yaqin 15 yildan buyon qayd etilmagan, – dedi Samarqand Veterinariya meditsinasi instituti dotsenti Abdurauf Qambarov. – U boshqa kasalliklarga qaraganda juda tez tarqaladi. Qulay atmosferada bir soatda 30 kilometrgacha bo‘lgan hududni egallashi mumkin. Mintaqamizda vaziyat barqaror, deb xotirjamlikka berilib bo‘lmaydi. U keltiradigan iqtisodiy zararni qoplagandan, kasallikning oldini olish qulay va samaralidir. Hozir mayda va yirik shoxli qoramollar universal vaksina yordamida emlanadi. Uning kuchi bir yilgacha yetishi mumkin. Shu muddat davomida hayvonlar oqsildan tashqari, boshqa kasalliklardan ham himoyalanadi. Demak, bu boradagi ishlar tizimli olib borilishi zarur. Institutimiz laboratoriyasida ham bu borada muntazam ilmiy izlanishlar va tajribalar olib borilmoqda. Erishilgan natijalar, yangiliklardan soha xodimlarini xabardor qilish dolzarb vazifa.
Yurtimizda qish faslidagi sovuq iqlim tufayli turli virusli infeksiyalar va qo‘zg‘atuvchilar yashovchanligi yo‘qolishi mumkin. Ammo oqsil kasalligi mavsumiy bo‘lgani va yilning bahor oylarida uyg‘onishi sababli, turli tabiiy ekstrogen ta’sirlar natijasida paydo bo‘lishi va tarqalishi hech gap emas.
Seminar mashg‘ulotlarida jahondagi epizootik vaziyat xususida ham ma’lumot berildi.
– Ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo hududida oqsil kasalligi so‘nggi marta 2004 yilda Qozog‘iston va Qirg‘izistonda qayd etilgan, – dedi Buxoro viloyat hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Yashin Rajabov. – Biroq shunday bo‘lsa ham hushyorlikni yo‘qotmay tizimli ishlarni olib borish maqsadga muvofiq. Buxoro viloyatida veterinariya nazorati qoniqarli darajada olib borilayapti. Hududlarda muntazam dezinfeksiya ishlari bajarilib, chorva mollari ko‘rikdan o‘tkaziladi. Kasalliklarga qarshi emlash tadbirlari tizimli olib boriladi.
Tadbirda xorij tajribasini o‘rgangan holda hududlardagi soha mutaxassislarining tajriba va malakasi oshirildi.