Epilepsiya kasalligida parhez muhim
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida bolalar nevrologlari ishtirokida “Bolalar rezistent epilepsiya kasalligida ketogen parhezni qoʻllash” interfaol taʼlim kursi boʻlib oʻtdi.
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida bolalar nevrologlari ishtirokida “Bolalar rezistent epilepsiya kasalligida ketogen parhezni qoʻllash” interfaol taʼlim kursi boʻlib oʻtdi. Seminar Janubiy Koreyaning epilepsiyaga qarshi kurash jamiyati va Epilepsiyaga qarshi kurash xalqaro ligasi tomonidan tashkil etildi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining statistik maʼlumotlariga koʻra tutqanoq kasalligi yer sharining turli yoshda boʻlgan 0,5 foiz aholisida uchraydi. Unga xos belgilar xuruj holida kuzatiluvchi hushdan ketish va tana mushaklarining ayrim guruhlarida titrash roʻy berishidir. Baʼzi hollarda tutqanoq bemor tanasining hamma mushaklarida yoki diffuz (tarqoq) holda roʻy berishi mumkin. Bu kasallikning kelib chiqishi baʼzan irsiyat bilan ham bogʻliq boʻladi. Ilgari bu guruhga kiruvchi tutqanoq kasalligi geniun epilepsiya deb atalgan.
Tutqanoq rivojlanishi yoshlarda koʻp uchrashining sabablaridan biri, ular miyasining poʻstloq qismida asab hujayralari (neyronlar) soni kattalarnikiga nisbatan uch marotaba koʻp boʻladi. Demak bolalar miyasining qoʻzgʻalish xususiyati ham oʻrta yoshli kishilarnikiga nisbatan uch marotaba kattadir.
– Bolalarda epilepsiya kasalligida ketogen parhezi muhimdir, deydi deydi nevrolog Luiza Husanboyeva. – Bu kasallik bilan kasallanganlar ovqat ratsionida qovurilgan goʻsht koʻp, uglevodlar kam boʻlishi kerak. Chunki organizmga tushgan qovurilgan goʻsht parchalanganda keton tanachalari ajralib chiqadi va bosh miyadagi epileptogen oʻchoqlarini soʻndiradi. Shu bois xalqaro epileptologlar assotsiatsiyasi tomonidan bu kasallikda ketogen parhez tartib-qoidalari ishlab chiqilgan. Demak, yurak qon-tomir kasalliklarida isteʼmol qilish mumkin boʻlmagan qovurilgan goʻshtli ovqatlar epilepsiyada tavsiya etiladi.
Uglevodlar (shakar) yoki tarkibida uglevodni koʻp saqlovchi oziq-ovqatlar, yaʼni turli xil shirin pishiriqlar, asal, guruch, kartoshka mazkur kasallikda juda kam isteʼmol qilinishi kerak. Bolalarning ovqat ratsionida qovurilgan yogʻli goʻshtlar, jigar, tuxum koʻp boʻlishi lozim.Shuningdek, sut, sariyogʻ, pishloq, yongʻoq, meva-sabzovotlar ham koʻp tanovvul qilinishi lozim.