“Eng yaxshi xorijiy til maktabi” aniqlandi
Mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirish, ayniqsa, xorijiy tillarni o‘qitish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezident sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi esa bu boradagi eng nufuzli va samarali loyihalardan biridir.
Mazkur tanlov orqali umumta’lim maktablarida xorijiy tillarni o‘qitish sifati izchil ravishda oshirilib, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, xalqaro maydonda raqobatlasha oladigan yosh avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Loyiha nafaqat bilimlar bellashuvi, balki ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va pedagoglar salohiyatini namoyon etish uchun ham muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.

Tanlov jarayonida ishtirokchi maktablar har tomonlama chuqur va adolatli baholandi. Xususan, o‘quvchilarning til bilish darajasi, xalqaro va milliy sertifikatlari, fan olimpiadalaridagi natijalari bilan bir qatorda, o‘qituvchilarning kasbiy mahorati, dars o‘tish uslublari hamda zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish darajasi ham atroflicha o‘rganildi.

Joriy yilda tanlovning Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani bosqichi ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida, yuqori saviyada tashkil etildi. Unda ishtirok etgan maktablar o‘zlarining ilg‘or tajribasi, yangicha yondashuvlari va yuqori natijalari bilan ajralib turdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘oliblik 1-o‘rin 60-maktabga (100 million so‘m) nasib etdi. 2-o‘rinni 8-maktab (75 million so‘m), 3-o‘rinni esa 67-maktab (50 million so‘m) egalladi. G‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda taqdirlanib, ularning mehnati munosib rag‘batlantirildi.

Tanlov ta’lim tizimida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish va o‘quvchilarning bilim darajasini yanada yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi. Erishilgan yutuqlar esa, avvalo, ustozlarning fidokorona mehnati, izlanishlari va zamonaviy ta’limga bo‘lgan intilishlarining yorqin ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.