Eng yaxshi targ‘ibotchilar aniqlandi
Andijon viloyati ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida “Eng yaxshi ma’naviy-ma’rifiy ishlar targ‘ibotchisi” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2023 yil 20 yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan xodimlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning jismoniy va kasbiy tayyorgarlik darajasini yuksaltirish, xodimlar orasida qonunchilik va xizmat intizomini mustahkamlash, ilg‘orlarni rag‘batlantirishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Eng yaxshi ma’naviy-ma’rifiy ishlar targ‘ibotchisi” tanlovi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biridir.

Mazkur tanlovning Andijon viloyati bosqichida IIB tizimidagi boshqarmalar, tuman, shahar ichki ishlar bo‘limlari boshliqlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etib, o‘zlarining professional bilim va mahoratlarini namoyish etdi.
Belgilangan to‘rtta shart bo‘yicha o‘tgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Andijon viloyati IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi komandirining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Xurshidbek Yulchiyev 1-o‘rinni egallab, tanlovning respublika bosqiga yo‘llanma oldi.
Tanlovda Xonobod shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari katta leytenant Eldorbek Kirg‘izov ikkinchi, Baliqchi tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Ulug‘bek Po‘latov uchinchi o‘ringa loyiq topildi.
G‘olib va sovrindorlar diplom va pul mukofoti bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA