“Eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichiga start berildi
Prezident sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining Sirdaryo viloyat bosqichiga start berildi. Tanlovning tantanali ochilish marosimi Guliston shahridagi 8-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Pedagogik kadrlarni tayyorlash va kasbiy rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Husanboy G‘aniyev hamda Sirdaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva tadbirda ishtirok etib, tanlovning mazmun-mohiyati, nufuzi va ta’lim tizimidagi o‘rni haqida atroflicha fikr bildirdilar.
Ta’kidlanganidek, mazkur tanlov xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish, o‘qituvchilar va o‘quvchilarning bilim hamda ko‘nikmalarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Uning nufuzi yil sayin ortib, hududlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirmoqda.
O‘tgan yilgi tanlovda Sirdaryo viloyati sharafini himoya qilgan Shirin shahridagi 2-sonli maktab jamoasi respublika bosqichida munosib ishtirok etib, 3-o‘rinni egallagan edi. Ular London shahriga sayohat yo‘llanmasi va pul mukofotlarini qo‘lga kiritib, viloyat ta’limi nufuzini yanada yuksaltirgan.
Joriy yilgi tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 299 ta maktabdan 1495 nafar 7-9-sinf o‘quvchilari ishtirok etgan bo‘lsa, ular orasidan saralab olingan 55 nafar o‘quvchi viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritib, g‘oliblik uchun bahslashmoqda.
[gallery-29126]
Tanlov jarayonlari ingliz tili bo‘yicha uch asosiy ko‘nikma — eshitish, o‘qish hamda leksik-grammatik bilimlar asosida test sinovlari orqali baholanadi. Ishtirokchilarga topshiriqlarni bajarish uchun 120 daqiqa vaqt ajratilgan.
Mazkur bosqichda g‘olib deb topilgan jamoa respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi hamda 250 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Shuningdek, ikkinchi o‘rin sohiblari 200 million, uchinchi o‘rinni egallagan jamoa esa 150 million so‘m miqdoridagi pul mukofotiga sazovor bo‘ladi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA