Eng yaxshi ijrochilar aniqlandi
Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida elimizning ardoqli shoirlari “To‘ra Sulaymon va Halima Xudoyberdiyeva she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlarning eng yaxshi ijrochilari” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari aniqlandi.
Tanlovda 14 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 30 nafardan ziyod professional va havaskor ijrochi ishtirok etib, o‘z iqtidorini namoyish etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Guliston ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘quvchisi Laylo Sharofiddinova ko‘rik-tanlovda mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘zbek milliy maqom san’ati markazi viloyat hududiy bo‘limi xonandalari Shahzoda Umarova va Nazira Raimjonova ikkinchi o‘rinni egalladi. Boyovut tumani madaniyat markazi to‘garak rahbari Maftuna Eshmirzayeva uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.

G‘oliblarini taqdirlash marosimida viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev ishtirok etib, iste’dod egalariga kelgusi faoliyatida omad va muvaffaqiyatlar tiladi.

Tadbir davomida viloyatdagi badiiy havaskorlik jamoalarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ko‘rsatilayotgan madaniy dasturlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida ularga “Prezident sovg‘asi” sifatida musiqa cholg‘ulari, sahna liboslari, texnik jihoz va uskunalar to‘plami topshirildi.
G‘ulom Primov,Shahriyor Ortiqboyev(surat),
O‘zA muxbirlari