Eng yaxshi chavandozlar aniqlandi
Toshkentdagi “Universal Horses Stable” ot sporti majmuasida konkur yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilgan O‘zbekiston chempionati yakunlandi. Musobaqada Namangan, Samarqand, Buxoro, Andijon, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan chavandozlar o‘zaro raqobatlashdi.
Chempionatning yakuniy natijalariga ko‘ra, “A” toifasida balandligi 130 sm. bo‘lgan to‘siqlardan ot sakratishda Xurshid Olimjonov “Chempions Liga” laqabli tulporida birinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, “B” toifada 115-120 sm. balandlikdagi to‘siqlardan ot sakratishda chavandozimiz “Kaskat” laqabli otida ikkinchi oltin medalni qo‘lga kiritdi. “D” guruhida esa Alisher Erkinov “Etos” nomli oti bilan 120 sm. balandlikdagi to‘siqlarda eng yaxshi natijani qayd etdi.
Shuningdek, musobaqa davomida Bekzod Qurbanov, Nurjan Tuyakbayev, Bahromjon G‘oziyev, Ashrafxon Nig‘matov turli yo‘nalishlarda g‘olib bo‘ldi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA