“Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Milliy matbuot markazida Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan hamda “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi, Milliy teleradiokompaniya, Badiiy akademiya Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi hamkorligida o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov 8 sentyabr yurtimiz ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun ham o‘ziga xos bayram ekanini ta’kidladi. Zero, 8 sentyabr – Xalqaro jurnalistlar birdamligi kuni sifatida nishonlanmoqda.
Tadbirda jurnalistlar uchun keng imkoniyat va sharoitlar yaratilayotgani ta’kidlandi. Aytish joizki, bularning barchasi media soha vakillari uchun ko‘rsatilayotgan e’tiborda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
“Eng ulug‘, eng aziz” respublika tanlovida 491 nafar ishtirokchi o‘zining ikki mingdan ziyod ijodiy ishi bilan qatnashdi. Jumladan, “Bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining jurnalistik ishlari”, “Televideniye va radio ijodkorlarning materiallari”, “Internet-jurnalistika”, “Jurnalistlar tomonidan nashr etilgan publitsistik mavzudagi kitoblar”, “Kino san’ati asarlari”, “Yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari”, “Tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari” yo‘nalishlari bo‘yicha ijodiy ishlar kelib tushgan.
[gallery-8694]
O‘z navbatida ishtirokchilar va ijodiy ishlarning ko‘pligi Hakamlar hay’atiga katta mas’uliyat yukladi. Ular orasidan g‘oliblarni tanlab olish oson kechmadi.
Tadbirda qayd etilganidek, yangilanayotgan O‘zbekiston “Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat” g‘oyasi negizida barpo etilmoqda. Davlatimiz rahbari belgilab bergan bu ulug‘vor maqsad asosida xalqimiz yangidan-yangi islohotlarning haqiqiy muallifiga aylanib bormoqda.
Shu munosabat bilan “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi” sari tamoyili asosida keyingi besh yillikda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning zarur siyosiy, huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy, ma’rifiy asoslarni yaratib berishga oid o‘zgarishlarni keng aks ettirgan ijodiy ishlarni tanlab olishga katta e’tibor qaratildi.
Bu kabi tanlovlar natijasi o‘laroq, mamlakatimizda jurnalistlar yanada faol, dadil ijod qila boshladilar. Ayni paytda o‘z yechimini kutayotgan tanqidiy-taxliliy materiallar yanada ko‘paydi. “Eng ulug‘, eng aziz” Respublika an’anaviy tanlovi g‘oliblari safida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri Abduvali Bo‘riyevning ham borligi e’tiborga molikdir. “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi ijodkorlarni yanada faol bo‘lishga da’vat etayotgani bilan media, adabiyot, tasviriy san’at, kinematografiya kabi sohalar vakillarini yanada ko‘proq izlanishga undamoqda.
– Taassufki, biz bugun odamlar gazeta va jurnal o‘qimay qo‘ygan davrda yashayapmiz, – dedi “Jurnalistlar tomonidan nashr etilgan publitsistik mavzudagi kitoblar” nominatsiyasi 1-o‘rin sohibi Husan Karvonli. – “O‘zbek shaxmatining oltin avlodi” kitobi o‘n yil mobaynida yaratilgan kitob. Sababi unda shaxmat bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan yoshlarimizning zafarli faoliyati yilma-yil kuzatib, kitob holida nashr etilgan. Ijodkorlarga hozirgidek e’tibor yanada samarali mehnat qilishga undaydi.
Tadbirda “Eng ulug‘, eng aziz” Respublika an’anaviy tanlovi g‘oliblari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri