“Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Samarqandda “Eng ulug‘, eng aziz” respublika ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan bu yilgi tanlov “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oya asosida tashkil etildi. Unda samarqandlik shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, rassom va dizaynerlar, san’atkorlar yuzdan ortiq ijodiy ishlari bilan qatnashdi.
Barcha ishlar nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, “Yozuvchi va shoirlarning eng yaxshi badiiy asarlari”, “Bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari”, “Televideniye va radio ijodkorlarining materiallari”, “Tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari” hamda “San’atkorlarning yurtni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari” nominatsiyalari bo‘yicha 15 nafar g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov tanlov g‘oliblarini tabriklab, ularning mehnatlarini e’tirof etdi.
– “Cho‘qqilarga intilib” va “Salom qani?” kitoblarim uchun “Yozuvchi va shoirlarning eng yaxshi badiiy asarlari” yo‘nalishida e’tirof etilganimdan xursandman, – deydi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Do‘stbek Sulaymonov. – Aslida, ijodkor uchun o‘z asarlarining kitobxonlar tomonidan sevib o‘qilishi katta mukofot. Tag‘in bu ijod namunalari mutaxassislar tomonidan e’tirof etilsa, kishiga o‘zgacha faxr bag‘ishlar ekan. Tanlov tashkilotchilaridan minnatdorman. Bizga ilhom beradigan, qalbimizga ijod ishqini soladigan Vatanimiz bundan ham obod bo‘lsin, ravnaq topsin.

Tanlov g‘oliblariga tashkiliy qo‘mita tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA.