Eng munosiblar tanlovning keyingi bosqichida
Andijonda “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” an’anaviy respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ish olib borayotgan tarbiyachilarni qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish va ularni rag‘batlantirish maqsadida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ilg‘or, faol va namunali tarbiyachilar ishtirok etib, o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
Tarbiyachi-pedagoglar belgilangan har bir shart bo‘yicha chiqishlarida o‘zlarini yuqori malakali, bilimdon va o‘z ishining yetuk mutaxassisi ekanliklarini namoyish edi. Hakamlar hay’atiga g‘oliblarni aniqlash oson kechmadi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, beshta tuman, ya’ni Asaka, Jalaquduq, Paxtabod, Oltinko‘l hamda Marhamat tumanlari vakilalari g‘olib, deb topilib tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
– Faoliyatimda yangi, innovatsion texnologiyalardan keng foydalangan holda bolajonlarga sifatli ta’lim berishga harakat qilaman, – deydi tanlov g‘olibalaridan biri, Marhamat tumanidagi 21- davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Nilufar Eminjonova. – Buni tanlov shartlari doirasidagi chiqishlarimda ko‘rsatib berishga harakat qildim. Chiqishlarim, umuman, faoliyatim ijobiy baholanib, tanlov g‘oliblaridan biri bo‘lganligimdan xursandman. Bu menga katta mas’uliyat yuklaydi. Endi tanlovning mamlakat bosqichida ham munosib ishtirok etishga, g‘oliblar qatoridan joy olishga harakat qilaman.
G‘olib va sovrindorlar viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA