Eng mergan jurnalistlar g‘olib bo‘ldi
Namanganda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi hamda To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligi hamkorligida sportning texnik-amaliy turlaridan biri – pnevmatik miltiqdan “o‘q otish” bo‘yicha ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar o‘rtasida an’anaviy ochiq birinchilik bo‘lib o‘tdi.
Tumandagi o‘quv-sport texnika klubi bazasidagi “O‘q otish tiri”da Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni doirasida hamda 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu musobaqada bosma va elektron ommaviy axborot vositalari muxbirlari hamda blogerlardan iborat o‘ttizdan ortiq ijodkor merganlik borasidagi mahoratini sinab ko‘rdi.

Ta’kidlash kerakki, qo‘lida hamisha ruchka tutgan yoki kamera, mikrofon ushlagan ijodkorlar merganlik borasida ham yaxshigina iqtidor va tajribaga ega ekanliklarini namoyish etdi.

– “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, joylarda o‘tkazib kelinayotgan turli musobaqalarni yoritish jarayonida ko‘nglimizda, mana shunday texnik-amaliy sport turnirlarida qatnashish istagi tug‘ilgan edi. Kasb bayramimiz arafasida hamkasblar dam olish kunlarini sport bilan shug‘ullanib, unumli o‘tkazmoqdamiz, – deydi “Yangi O‘zbekiston” gazetasining Namangan viloyati bo‘yicha muxbiri Orifjon Jo‘rayev. – O‘ylaymanki, jurnalistlar ishtirokidagi bu kabi musobaqalar “Vatanparvar”chilarni ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ijtimoiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga turtki beradi.

“Yoshlar” telekanalining “Yangi davr” informatsion dasturi muxbiri Baxtiyor Mamajonov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Alibek Ergashev egalladi. “Huquq” gazetasining Namangan viloyati bo‘yicha muxbiri Nilufar Niyozovaga uchinchi o‘rin nasib etdi. Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Vatanparvar” tashkiloti faoliyatini yoritishda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan bir qator jurnalist va blogerlarga minnatdorlik bildirilib, munosib rag‘batlantirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.