Eng kuchli yosh sablyachilar aniqlandi
Poytaxtimizdagi "Paxtakor" qilichbozlik zalida U20 yosh toifasidagi yigit-qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston kubogining sablya yo‘nalishi bo‘yicha yakkalik bahslari g‘olib va sovrindorlari aniq bo‘ldi.
Yigitlar o‘rtasidagi final bellashuvida Azizbek Karimboyev va Nurkeldi Turganboyev o‘zaro raqobatlashdi. Ushbu to‘qnashuvda Azizbek g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Nurkeldi kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shamil Baymuratov va Alimbay Baltabayevlar bu yo‘nalishda bronza medali bilan taqdirlandi.

Qizlar o‘rtasidagi bahslarda Gulistan Perdibayeva, Ayakoz Jumamuratova, Samira Shokirova hamda Nargiza Kongratbayeva kabi yosh sablyachilarimiz g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Toshkentda o‘tayotgan ushbu mamlakat kubogi bilan bir vaqtda Turkiyaning Istanbul shahrida 14-17 yoshli sportchilar o‘rtasida qilichbozlikning sablya yo‘nalishida xalqaro musobaqa o‘tkazilmoqda.
Quvonarlisi, musobaqada ishtirok etayotgan 14 yoshli hamyurtimiz Saidamir Rahmonov bronza medaliga ega chiqdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA