“Eng kitobxon maktab” loyihasi boshlandi
Buxoroda umumta’lim maktablarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Eng kitobxon maktab” loyihasining Shofirkon tumani bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mahalliy hokimiyat vakillari, tuman xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari, maktab direktorlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Eng kitobxon maktab” loyihasi o‘tkazilmoqda.
Loyiha viloyat hokimligi, xalq ta’limi va ichki ishlar boshqarmalari hamkorligida “Kitob markazi” – “Kitob dunyosi” kitob tarmoq markazlari tomonidan amalga oshiriladi. Unda Shofirkon tumanidagi barcha maktablar qamrab olinishi ko‘zda tutilgan.
Kitob yarmarkalari davomida o‘quvchilar, ularning ota-onalari va o‘qituvchilar e’tiboriga 1500 xildagi sifatli kitob mahsulotlari taqdim etiladi.
– Savdo yarmarkalari karantin qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda maktab sport zali yoki majlislar zalida, har kuni imkoniyatdan kelib chiqqan holda 10-20 ta maktabda o‘tkazaladi, – dedi “Kitob dunyosi” kitob tarmoq markazlari muassisi Sh.Axundjanov. – Loyiha yakunida “Iqtidorli o‘quvchi”, “Eng faol kutubxonachi”, “Faol maktab direktori”, “Eng faol OAV xodimi”ga, shuningdek, viloyat doirasida qayd etilgan umumiy natijalarga ko‘ra 2 va 3-o‘rinlarni egallagan tuman xalq ta’limi bo‘limlariga qimmatbaho sovg‘alar, “Eng kitobxon maktab” loyihasida g‘olib chiqqan eng kitobxon tuman xalq tuman bo‘limiga esa “NEXIA-3” avtomobili tantanali ravishda topshiriladi. Bundan tashqari, eng ko‘p kitob sotib olingan maktabga “SPARK” avtomobili sovg‘a qilinadi. Viloyatning aksariyat tumanlarda bo‘lib, maktablarda yarmarkalar tashkil etdik. Vobkent, Qorovulbozor tumanlarida yarmarkalar ko‘ngildagidek o‘tdi. U yerda tahsil olayotgan yoshlar kitobga bo‘lgan chanqoqligi bilindi.
Loyihada qatnashganlar kitob sotib olib uylariga ziyo nur olib kirishdan tashqari, har xil sovg‘alar yutish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Zarif KOMILOV, O‘zA