Energetiklar kuni tantanali nishonlandi
Energetiklar kasb bayrami munosabati bilan Shirin shahridagi yirik energetika korxonasi bo‘lmish Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Shirin shahri mamlakatimiz energetika tizimida muhim ahamiyatga ega. Bu yerda elektr energiyasining qariyb uchdan bir qismini ishlab chiqaradigan yirik sanoat majmualari faoliyat yuritadi. Jumladan, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi, Farhod GESi, ACWA Power Sirdaryo va quvvati 1,573 MVt bo‘lgan "Sirdaryo–2” bug‘-gaz elektr stansiyasi mamlakat energetika tizimining barqarorligini ta’minlaydi, xonadonlarimiz nurga to‘lib, hayotimiz farovon bo‘lishiga xizmat qiladi.


Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasining direktori Bahrom Sobirov barcha energetiklarni kasb bayrami bilan qutlab, ularning mas’uliyatli va sharafli mehnati tufayli mamlakatimiz sanoat korxonalari barqaror faoliyat yuritayotganini qayd etdi. Shuningdek, qishning ayozli kunlari va yozning jazirama issig‘ida ham aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan energetiklarga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini bildirdi.

Bayram munosabati bilan Sirdaryo IES korxonasida mehnat qilayotgan 45 nafar xodimga “Energetika faxriysi” ko‘krak nishoni, 6 nafar xodimga esa “IES” AJ va Birlashgan kasaba uyushmasining faxriy yorlig‘i topshirildi. Shuningdek, korxona ma’muriyati va kasaba uyushma qo‘mitasining tashabbusi bilan yana 39 nafar xodim faxriy yorliq, 64 nafar xodim esa tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Shu kuni hamkor tashkilotlar tomonidan ham korxona rahbariyatiga tashakkurnomalar, tabriklar va esdalik sovg‘alari topshirildi.


Energetiklar faoliyati – faqat mehnat emas, balki yurtimiz ravnaqi va barqarorligi yo‘lidagi ezgu xizmatdir. Shirin shahrining har bir energetigi o‘z ishiga sadoqat bilan yondashib, mamlakatimiz energetika salohiyatini yanada yuksaltirishga munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri