Energetika vazirligi 25 ta yirik tarmoq bo‘yicha reyting natijalarini e’lon qildi
Iqtisodiyot tarmoqlarida energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash, energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish hamda ishlab chiqarish jarayonlarining energiya samaradorligini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda mamlakatimizda energiya iste’moli ko‘rsatkichlarini baholash va monitoring qilish tizimi bosqichma-bosqich takomillashtirib borilmoqda.
Prezidentning 2024-yil 14-iyundagi “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2024-yil 1-sentabrdan boshlab tashkilotlar, hududlar va ko‘chmas mulk ob’ektlari kesimida energiya iste’moli reytingi joriy etildi.

Mazkur qaror ijrosi doirasida Energetika vazirligi tomonidan har yili 1-iyunga qadar energiya sig‘imi eng yuqori va eng past ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan korxonalar reytingi shakllantirib kelinmoqda. Unga ko‘ra, mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida energiya sig‘imi ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, eng yuqori va eng past natijalar qayd etilgan korxona va tashkilotlar ro‘yxati aniqlanadi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilangan 25 ta yirik tarmoq korxonasi kesimida 2025-yil uchun energiya sig‘imi ko‘rsatkichlari baholandi. Tahlillar natijasida 2024-yilga nisbatan energiya sig‘imi eng yuqori bo‘lgan 10 ta hamda eng past bo‘lgan 10 ta tashkilot aniqlandi.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, “Ammofos-Maxam” AJ energiya sig‘imi ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan korxonalar qatoriga kirgan bo‘lsa, energiya sig‘imi eng past bo‘lgan reytingda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ yetakchi o‘rinlardan birini egallagan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA