Energetika sohasida murojaatlar joyida hal etilishi ta’minlanmoqda
Energetika sohasida iste’molchilarni ishonchli elektr va gaz ta’minoti bilan ta’minlash, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda aholi bilan ochiq va samarali muloqotni kuchaytirish bugungi kunning muhim vazifalaridan.
Shu sababli, joylarda sayyor qabullar o‘tkazilib, tizimdagi mavjud muammolarni joyiga chiqib o‘rganish va ularni tezkor hamda amaliy yechimlar asosida bartaraf etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Ana shunday amaliy ishlar doirasida Energetika vazirligi tomonidan Andijon viloyatida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi. Unda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta’minot” AJning Andijon hududiy filiallari, shuningdek, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning Andijon magistral elektr tarmoqlari filiali mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Mazkur tadbir Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida o‘tkazilib, unda fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan elektr energiyasi va gaz ta’minoti, mavjud infratuzilmani takomillashtirish, tarmoqlarga ulanish hamda sohadagi boshqa dolzarb masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Barcha murojaatlar mas’ullar tomonidan batafsil o‘rganilib, tegishli mutasaddi tashkilotlarga biriktirildi hamda ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Energetika vaziri maslahatchisi Ro‘ziqul Rayimov ta’kidlaganidek, sayyor qabullar aholi bilan ochiq muloqotni yanada mustahkamlash, hududlardagi mavjud muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganish va ularni tezkor bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Sayyor qabullar natijasida biz aholi va tadbirkorlarning muammolarini bevosita joyida eshitish, ularning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish hamda tezkor va samarali yechimlar ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz. Bunda har bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi, balki alohida o‘rganilib, aniq choralar ko‘riladi. Eng muhimi, mavjud muammolarni bosqichma-bosqich hal etish va tizimda uzoq muddatli barqaror yechimlarni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi u.
Ayni paytda Energetika vazirligi tomonidan bunday sayyor qabullarni muntazam tashkil etish hamda aholi murojaatlari bilan tizimli ishlash amaliyoti izchil davom ettirilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA