Endi yurtdoshlarimiz Italiyada 9 oygacha mavsumiy ishlashi mumkin
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev, O‘zbekiston va Italiya Respublikalari qishloq xo‘jaligi vazirlari Ibrohim Abdurahmonov va Franchesko Lollobrijida, shuningdek ushbu hamkor davlatning “Confagricoltura” tashkiloti vitse-prezidenti Luka Brondelli ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘i muhim kelishuvga erishildi: Agentlik va “Associazione Imprese Ortofrutticole“ assotsiatsiyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik bitimiga ko‘ra, yurtdoshlarimiz Italiyaga 3-9 oylik mavsumiy ishga jalb etiladi.

Meva-sabzavot sohasidagi 35 dan ziyod yirik kompaniyani birlashtirgan ushbu tuzilma fermerlikdan tashqari qayta ishlash, logistika va eksport yo‘nalishlarini ham qamrab olgan tugal agrosanoat zanjiri bo‘ylab faoliyat ko‘rsatadi. Asosiy mahsulotlari: olma, kivi, anor, qulupnay kabi ommabop mevalar.


Assotsiatsiya prezidenti Marko Salvi shu yilning o‘zidayoq sinov loyihasi doirasida 100 nafar o‘zbekistonlikni ish bilan ta’minlashga tayyorligini bildirdi.
G.Sattorova, O‘zA