Endi xorijda ishlashga hojat yoʻq
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev yoshlar uchun tashkil etilgan “Yoshlar dala shiyponi”da amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumani “Chaqar” mahallasi hududidan Shahrisabz tumanidagi Sarchashma qishlogʻi yoshlari uchun “Har bir yoshga, bir gektar” loyihasi doirasida yer maydoni ajratilgan edi. Ayni paytda eksportbop loviya yetishtirishni koʻzlagan yoshlar dala yumushlarini boshlab yubordi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev yoshlar uchun tashkil etilgan “Yoshlar dala shiyponi”da amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Mazkur “Yoshlar dala shiyponi”ga bugungi kunda yotoqxona uchun mebel jihozlari olib kelindi, elektr energiyasi taʼminoti uchun ustunlar va transformator oʻrnatildi. Ayni paytda boshqa qurilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, ayvonlar va hovuz qurilishi davom etmoqda. Viloyat hokimi mutasaddilarga bu yerda yoshlar uchun barcha qulayliklarni yaratish, jumladan, dala shiyponiga eltadigan yoʻllarning ravon boʻlishini taʼminlash, yoshlar ehtiyoji uchun parranda va chorva mollari boqish imkoniyatlarini yaratish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berdi.
– Bizga berilgan bu imkoniyatdan albatta unumli foydalanamiz, – deydi sarchashmalik Joʻrabek Chorshanbiyev. – Yashaydigan qishlogʻimiz togʻda joylashgani bois ekin qiladigan yer juda tanqis. Shu bois men tengi koʻpchilik yoshlar bahor kelishi bilan xorijga ishlashga ketadi. Viloyat hokimining biz – togʻlik yoshlarni oʻylab Gʻuzor tumanidan bir gektardan yer ajratib bergani ayni muddao boʻldi. Endi chetga borib ishlashga hojat qolmadi. Hozirda menga ajratilgan bir gektar yerga loviya ekib, 3-4 tonna hosil olishni moʻljallayapman. Ekish ishlarini boshlab yubordik. Bu yerda bizni mehnat qilishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bundan juda minnatdormiz.
Togʻlik yoshlarning viloyatimizning boshqa hududlarida joylashgan yer uchastkalarida mehnat qilib, qoʻshimcha daromad topishlariga koʻmaklashish maqsadida amalga oshirilayotgan bu loyihaning samarasi qanday boʻlishi yoshlarning yerga nima ekishiyu ishtiyoqi va shijoatiga bogʻliq. Viloyat hokimi yoshlar va mutasaddilar bilan suhbat chogʻida bu masalaga alohida toʻxtaldi. Yerning har qarichidan unumli foydalanish, yoshlar oʻziga ajratilgan yerda koʻpi bilan ikki turdagi eksportbop va xaridorgir mahsulot yetishtirishiga erishish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Dala chetlariga oʻz etiyojlari uchun qovoq, pomidor va boshqa sabzavot ekinlari ekishni tavsiya qildi.