Endi tahlillar ochiq bo‘ladi
Mamlakatimizning qaysi hududlariga toza suv quvurlari yetib borgan, qaysi mahallalarda esa ichimlik suvi yo‘q? Ya’ni aholining suvga bo‘lgan ehtiyoji qay darajada qondirilgan?
Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligida bo‘lib o‘tgan videokonferensaloqa shaklidagi tadbirda bu kabi savollarga aniq va puxta javob topish, buning uchun esa joylardagi mavjud holatni “mahallabay” tarzida jiddiy o‘rganish lozimligi ta’kidlandi. Qayd etildiki, faqat bunda qog‘ozdagi hisobot va ma’lumotlar bilan cheklanmay, haqiqiy holatni joyiga borib o‘rgangan holda xulosa berish zarur bo‘ladi.
Ayni vazifani amalga oshirish maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligida viloyatlar bo‘yicha hududiy ishchi guruhlari, ularning ma’lumotini umumlashtirish va muvofiqlashtirish uchun esa yig‘ma ishchi guruhi tashkil etildi.
Muhimi, shakllantiriladigan ma’lumotlar hududlardagi mavjud suv inshootarini inventarizatsiyadan o‘tkazish va yangidan barpo qilinadigan ko‘p qavatli uylarni o‘zida jamlagan zamonaviy shaharchalarni suv bilan ta’minlashning real imkoniyatlarini ko‘rsatadi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qurilish vazirligi va “O‘zsuvta’minot” AJ mutaxassislari hamda tegishli mutasaddi tashkilot va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlari bugundan bu boradagi ishlarni boshlab yuborishadi.
Tadbirda yurtimizning barcha hududlarida Qashqadaryo viloyati namunasi asosida joyiga chiqib o‘rganilgan holda besh kunlik muddatda takliflar tayyorlashga kelishib olindi.