Endi Sirdaryoda eng so‘nggi rusumdagi apparat bor
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Jahon shoshilinch tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasining 530 ming AQSH dollari hisobiga Respublika shoshilinch yordam ilmiy markazi Sirdaryo filialiga zamonaviy, eng so‘nggi rusumdagi angiografiya apparati keltirildi.
Bu esa, yurak koronar qon tomiri bilan bog‘liq muammosi bor, tez tibbiy yordamga muhtoj bemorlarning koronar qon tomir, uyqu arteriyalari va son arteriyalarida koronarografiya tekshiruvlarini, tez tibbiy yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan bemorlarning yurak- qon tomir sohasiga yuqori texnologik stent qo‘yish amaliyotlarini o‘tkazish imkonini beradi.

–Sirdaryoga keltirilgan, yangi zamonaviy angiografiya apparati yordamida nafaqat tez tibbiy yordam xizmatiga muhtoj bemorlarga, yurak- qon tomir tizimida muammosi bor fuqarolarga ham xizmat ko‘rsatiladi, –deydi Respublika shoshilinch yordam ilmiy markazi Sirdaryo filiali direktori Sanjar Xudoyberdiyev.– Muhimi, angiografiya apparati sabab, yo‘lga qo‘yilayotgan endovaskulyar xirurgiya bo‘limida ishlaydigan 4 nafar endovaskulyar xirurgimiz poytaxtdagi nufuzli tibbiyot muassasalarida o‘z malakalarini oshirib qaytishgan.

Xullas, Respublika shoshilinch yordam ilmiy markazining Sirdaryo filialiga keltirilgan angiografiya apparati tufayli sirdaryolik bemorlar shifo izlab uzoqqa bormaydigan bo‘ldi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri