Endi pulli avtoturargohlar haqini to‘lamaslik 824 ming so‘mga tushishi mumkin
Toshkent shahrida yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohlardan foydalanganlik uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmagan yoki uni to‘lashdan bo‘yin tovlagan haydovchilarga ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga muvofiq, yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohlar xizmatlari uchun qonunchilikda belgilangan muddatda haq to‘lamagan yoki to‘lovdan bo‘yin tovlagan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima qo‘llash taklif etilmoqda. Amalda bu 824 ming so‘mni tashkil etadi.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtdagi pulli avtoturargohlardan har kuni o‘rtacha 15 ming nafar haydovchi foydalanadi. Biroq, ularning atigi 2–3 foizi, ya’ni taxminan 300–450 nafar haydovchi xizmat haqini to‘laydi.
Oylik ko‘rsatkichlar ham shunga yaqin holatni ko‘rsatmoqda. Xususan, bir oy davomida pulli avtoturargohlardan taxminan 465 ming nafar haydovchi foydalansa, ularning bor-yo‘g‘i 9,3–13,95 ming nafari to‘lovni amalga oshiradi.
Ta’kidlanishicha, taklif etilayotgan o‘zgartishlar pulli avtoturargohlardan foydalanishda to‘lov intizomini mustahkamlash, sohada qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda transport infratuzilmasini saqlash va rivojlantirish uchun zarur mablag‘larning barqaror tushumini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ayni paytda qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, unga doir taklif va mulohazalar qabul qilinmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA