Endi murojaatlarga yangicha ishlash uslubida yechim izlanadi
Jizzax viloyatida ham barcha mutasaddi rahbarlar tomonidan o‘tkazilayotgan shaxsiy qabullar ishlashning yangicha tizimi asosida tashkil etilmoqda.
Jizzax viloyati prokurori, 2-sektor rahbari Islomjon Ergashxodjayev tomonidan karantin talablariga to‘la rioya qilgan holda o‘tkazilgan navbatdagi fuqarolar qabulida yillar davomida yechimini topmasdan kelayotgan murojaatlarga ishlashning yangi tizimiga tayanilgan holda yechim izlandi.
Qabul jarayonida fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlash, ishga joylashtirish, bank kredit mablag‘lari ajratilishidagi sun’iy to‘siqlar, murojaatchilar tomonidan nohaq chiqarilgan, deb qaralayotgan sud qarorlari va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan jami 93 nafar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan murojaatlar kelib tushdi.
Mazkur murojaatlarning 37 tasi joyida qanoatlantirilgan bo‘lsa, qabul davomida ko‘tarilgan 8 ta masala yuzasidan murojaatchilarga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi. Shu kuni fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan 48 ta murojaat o‘rganilishi qo‘shimcha vaqt talab etganligi sababli, mutasaddilarga vazifalar yuklatilib, aniq topshiriqlar berildi va aholining ushbu murojaatlarni viloyat prokurori shaxsan o‘z nazoratiga oldi.
Ishlashning yangicha tizimi asosida o‘tkazilayotgan bu kabi qabullar 2-sektorga qarashli boshqa hududlarda ham belgilangan jadval aosida davom ettiriladi.
[gallery-3315]
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA