Endi diplom dublikatini olish yanada osonlashdi
Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim to‘g‘risidagi hujjat (diplom) dublikatlarini olish istagini bildirgan fuqarolarga onlayn murojaat qilish imkoniyati yaratildi.
Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Endilikda fuqarolarning ta’lim muassasalariga borishlariga hojat qolmadi. Fuqaro Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali onlayn yoki o‘ziga yaqin joydagi Davlat xizmatlari markazlariga borib diplom dublikatini olish uchun so‘rovnomani to‘ldiradi. Ortiqcha hech qanday hujjat talab etilmaydi.
Murojaat etilgan kundan boshlab o‘n ish kunida vakolatli organdan diplom dublikatini olib ketishi yoki fuqaro pochta xizmatidan foydalangan taqdirda o‘n besh ish kunida uning yashash manziliga yetkazib berilishi mumkin.
O‘zA