Endi beparvolikka haqqimiz yoʻq
Yurtimizda karantin cheklovlari yana-da kuchaytirildi.
Ogohlik qoʻngʻirogʻi
Yurtimizda karantin cheklovlari yana-da kuchaytirildi. Toʻgʻrisi, hatto eng odamovi va yolgʻizlanishni yoqtiradiganlar ham bunday cheklovlardan zada boʻlgani rost. Biroq vaziyatning shunday murakkablashuviga oʻzimiz sababchi boʻlmadikmi!?
Xatarli kasallik mamlakatimizga kirib kelgan dastlabki kunlarda xalqimizni bu balodan omon saqlash uchun zarur barcha choralar koʻrildi. Bemorlikda shubhalanganlar qatʼiy karantinga olindi. Koronavirusga chalinganlar, hatto kasallik alomatlarsiz kechayotganlar zudlik bilan shifoxonalarga yotqizildi. Koʻmak soʻragan, ehtiyojmand oila borki, bariga oziq-ovqat mahsulotlardan iborat moddiy yordam koʻrsatildi.
Kunlar isigach, kasallik ortga chekinishiga umid bildirgan edik. Lekin, mutatsiyaga uchragan SOVID-19 oʻz xossasini oʻzgartirib, yana moslashuvchan, yashovchan, oʻta xavfli, tez yuqadigan boʻlib qolgani ayon boʻlmoqda.
Koʻzga koʻrinmas balo oʻzgardiyu lekin biz odamlar oʻzgarmadik. Karantin cheklovlari may oyida sekin-asta yumshatilishi bilan koʻcha-koʻyda gurra-gurra bemaqsad tentirab yurganlarni uchratish odat tusiga kirdi. Onaxonu kelinlarning tugun koʻtarib toʻy-tadbirlarga, tugʻruqu yoʻqlovlarga borishi, erkaklarning gap-gashtagi avj oldi.
Doʻkonlarda mahsulotning ishlab chiqarish sanasi bilan tanishib ulgurmay, yonginangizda yana toʻrt xaridor toʻplanadi. Ehtimolki, ming marta masofa saqlanishi haqida ogohlantrilsada, kassaga hisob-kitob qilish uchun barcha gʻujgʻon boʻlib olgan. Talab etilayotgan ikki metrlik ijtimoiy masofa bu yerda yigirma santimetr ham kelmaydi!
Taxminan uch-toʻrt kunlarcha avval elektr energiyasi pulini toʻlash uchun bankka kirgandim. Odamlarning oʻzini goʻyoki hech nima boʻlmaganidek tutishi ajablantirdi. Kimdir ishi besh kundan buyon bitmayotganini pesh qilib, oʻzini bank xodimi oʻtirgan darchaga uradi. Boshqasi navbatning oxirini koʻra-bila turib, tiqilinch joyga, “ochered boshiga” atayin suqiladi. Navbat kutishni hech kim istamaydi. Barcha birinchi!
Yashirib nima qildik, bu kabi oʻziboʻlarchiliklarga, beparvolik, bamaylixotirlikka bozorda ham, supermarketlarda, turli ijtimoiy obyektlarda guvoh boʻldik. Yoshlar tun qadar koʻp qavatli uylar atrofida toʻplanib, “dom”ni boshga koʻtarib, “hiring-hiring” qilganida, tartibga chaqiradigan, tanbeh beradigan odamning oʻzi topilmaydi. Niqob taqmagan koʻp, uni dahaniga tushirib olgan, notoʻgʻri taqqan undan ham bisyorligiga barimiz koʻz yumdik. Vaholanki, bunday holatlar yuz berganida xorijiy davlatlarda tegishli qatʼiy choralar koʻrilayotganini chet el saytlari, oynaijahon orqali koʻrib, bilib turibmiz.
Masalan, 97 million aholisi boʻlgan Vyetnamda karantin qoidalariga soʻzsiz amal qilinishi natijasida atigi 300 nafar “SOVID-19” bilan ogʻrigan bemor aniqlandi. Odamlarning hayotdan koʻz yumishiga yoʻl qoʻyilmadi.
AQSHda majburiy oʻz-oʻzini yakkalash tartibiga rioya etmay, virus yuqtirgan shaxslarni 100 ming dollarlik jarima solish yoki qamoq jazosiga hukm etish belgilandi. Malayziyada virus xavfi tobora ortayotganini sezgan odamlarning oʻzi internet orqali karantin muddatini uzaytirishni talab etib imzo toʻplamoqda.
Fransiya, Polsha, Chexiya, Norvegiya, Avstraliya, Argentina, Malta kabi davlatlarda karantin qoidalarini buzganlik uchun anchagina salmoqli miqdordagi jarima belgilangan. Isroilda karantin qoidasini buzish 3 yildan 7 yilga qamoq bilan jazolanadi. Xitoyda karantin paytida oʻzining kasalligini bila turib, koʻchada yurgan odamga jinoiy javobgarlik belgilangan.
Karantin kuchaytirilishi yurtimizda majburiy chora sifatida qoʻllanildi. Negaki, beparvolik sabab kuniga 300-400 dan ortiq xavfli virusga chalingan bemor aniqlanyapti. Kasallanganlarning hayotdan koʻz yumish holati koʻpaydi. Ahvol shu tarzda ketsa, ming oʻrinli shifoxona uch-toʻrt kunning oʻzida toʻlib ketishi, tibbiyot xodimlari hech narsaga ulgurmasligi, nainki butun boshli sogʻliqni saqlash tizimi, iqtisodiyot ham tang ahvolda qolishi, izdan chiqib ketishi hech gap emasligini voqealar jarayonidan osongina anglash mumkin. Aytish, tasavvur etish, koʻz oldimizga keltirish qancha ogʻir, qoʻrqinchli boʻlsada, biroq bu bor haqiqat.
Shunday ekan, beparvo boʻlishga, bemaqsad koʻcha-koʻyda tentirashga, oʻzimiz, yaqinlarimiz, yurtdoshlarimizning sogʻligʻini, insonga atigi bir marta ato etilgan umrini xatarga qoʻyishga hech birimizning haqqimiz yoʻq!