Endi AI-80 markali benzin ishlab chiqarilmaydi
“Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida ishchi guruh aʼzolari Buxoro neftni qayta ishlash zavodi faoliyatini oʻrgandi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida ishchi guruh aʼzolari Buxoro neftni qayta ishlash zavodi faoliyatini oʻrgandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-apreldagi “Neft va gaz sanoatining moliyaviy barqarorligini oshirishning birinchi navbatdagi chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, neft narxlarining global oʻzgarishi sharoitida korxonaning moliyaviy-iqtisodiy ahvoli, zavodning mavjud texnologik quvvatlari, yetkazib berilayotgan xomashyo narxlari, jumladan, mahalliy neft narxiga va 2020-yil 1-maydan kuchga kirgan birja savdolari orqali neft mahsulotlarini sotish tartibiga alohida eʼtibor qaratish asosiy masalalardan.
Shu bois, ishchi guruh tanishuv jarayonida Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish va rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirishni muhokama qildi. Mahsulotlarni ichki va eksport bozorlarida sotish, xomashyo bazasini aniqlash va taʼminlash, loyihaning texnik va iqtisodiy koʻrsatkichlari, neft narxidagi oʻzgarishlarning turli variantlari boʻyicha loyihaning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari, shuningdek, zavodni modernizatsiya qilish va rekonstruksiya qilish investitsiya loyihasini qaytarish masalalari koʻrib chiqildi.
Zavodni modernizatsiya qilish va rekonstruksiya qilish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish natijasida AI-91, AI-93, AI-95 markali yuqori oktanli benzin ishlab chiqarish va AI-80 markali benzin ishlab chiqarishdan butunlay voz kechish, shuningdek, Yevro-5 talablariga javob beradigan dizel yoqilgʻisini ishlab chiqarishga oʻtish kutilmoqda.
Ishchi guruh asosiy ishlab chiqarish obyektlarini koʻzdan kechirdi va rejalashtirilayotgan yangi texnologik qurilmalarning qurilishi joyi bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, tanishuv paytida investitsion loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun taqdimotni tayyorlab topshirish hamda FEED loyihasini, jumladan, investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun imtiyozli kredit shartlari boʻyicha takliflarni oʻrganish va joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati