Elparvar ma’rifiy tashabbuslarning yuksak e’tirofi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surgan tashabbusiga ko‘ra Xiva shahrida "Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida" Xalqaro madaniyat forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda jahonning ko‘plab davlatlaridan olimlar, qadimshunoslar, ekspertlar, san’atshunoslar ishtirok etdi.
E’tiborga molik jihati, mazkur xalqaro forumga davlatimiz rahbari maktub yo‘lladi. Bu esa ilm-fan, madaniyat, ma’rifat masalalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining doimiy va jiddiy e’tiborida ekanining yana bir amaliy isbotidir.
Xalqaro forumda Markaziy Osiyo ilmiy merosining jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni va ahamiyati yana bir karra yuksak e’tirof etildi. Olimlar, ilmiy tadqiqot maskanlari, kutubxonalarning ilg‘or mutaxassislari o‘zaro tajriba almashdi. Qadimiy qo‘lyozmalarni o‘rganishning istiqbol va ufqlari belgilandi.
- Forum yuksak saviyada o‘tdi, - dedi AQSHlik ekspert Adam Albion. - O‘zbekistonning bugungi shiddatli odimlari mazkur xalqaro forumning baland ruhidan ham sezilib turibdi. Biz O‘zbekiston, ha aynan O‘zbekistonning tarixiy meros, intellektual boylik, ma’rifatga intilishi misolida shiddat bilan taraqqiy etayotganiga, islohotlar esa ortga qaytmas shiddat kasb etganiga guvoh bo‘ldik. Bunday o‘zgarishlar, albatta Prezident Shavkat Mirziyoyevning amaliy tashabbuslar ijrosiga qat’iyat va dadillik ila yondashishi bilan bog‘liqdir.
- Darhaqiqat, forumning yuqori saviyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarining amaliyotga faol joriy etilayotganini yana bir bor isbotladi, - dedi Germaniyaning Drezden universiteti professori Anionio Rollan Pons. - O‘zbekistonning madaniy merosi har qancha o‘rgansak, xalqingiz esa faxrlansa arziydigan merosdir. Bugun O‘zbekiston mintaqada tinchlik, barqarorlikni ilm-ma’rifat, hamjihatlik, ma’rifat orqali ta’minlashga astoydil kirishgan. Eng murakkab pandemiya davrida bunyodkorlik, insoniyatni hamkorlik, ma’rifatga undovchi bunday forumning tashkil etilgani chindan ham katta e’tborga, ehtiromga loyiqdir.
- Xalqaro forum akademik doiralarning faol fikr almashishiga, sohadagi yangiliklar, O‘zbekistonning bugungi ilmiy salohiyati bilan kengroq tanishishga imkon berdi,- dedi Buyuk britaniyalik tadqiqotchi Charlz Melvill. - Nazarimda qo‘lyozmalar tadqiqotiga oid ishlarni ko‘proq ommalashtirish kerak. Bu esa turizm, bilim, izlanishga yanada ko‘proq imkon yaratadi.
Forumning barcha ishtirokchilari O‘zbekiston yetakchisi tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar nainki mamlakatimiz, balki ko‘plab xorijiy mamlakatlar manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladi. Forum yakuni bo‘yicha ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli deklaratsiya qabul qilindi.
Nazokat Usmonova, O‘zA