Elni yaxshilik sari yetaklash vatanparvarlikdir
Munosabat
Yuraklarimizda shunday g‘urur qachon uyg‘onadi? Qachonki, o‘zimiz yashab, o‘zimiz nafas olib turgan mahalla obod, ko‘rkam va go‘zal bo‘lsa.
Agar ko‘chalar loy, o‘nqir-cho‘nqir, suv yo‘q, ekin-tikin qilishga imkoniyat kam bo‘lsa-chi? Shart-sharoit hamin qadar, yashab bo‘lmaydi bu mahallada deb, to‘nni teskari kiyib olish kerakmi? Yoki ko‘ch-ko‘ronni ko‘tarib, yaxshiroq bir mahallaga ko‘chish taraddudini ko‘rish zarurmi? Aytmoqchimanki, har bir inson uchun o‘zi tug‘ilib o‘sgan maskan – mahalla qadrdon. Undan hech kim voz kecha olmaydi. Shunday ekan, ko‘chalari loy, yo‘llari o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib qolganiga shu yerda yashovchi aholining ham aybi bor.
Eng muhimi, mahallani rivojlantirish uchun hamjihatlik kerak. Odamlar birlashsa, yetakchi kuchga aylanadi. Xayrli maqsad yo‘lida qilingan hamkorlikda hikmat katta. 24 mart kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” deganda, nafaqat ularning yo‘li yoki qiyofasi yaxshilanishi, balki u yerda yashovchi aholining daromadi ko‘payishi, ijtimoiy ob’ektlar to‘liq ishlashi kerak. Eng asosiysi, haqiqiy obod mahallada “temir daftar”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari bo‘lmasligi lozim. Buning uchun, tadbirkorlar bilan maslahatlashib, ishlab chiqarishlarni tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish zarur. Sarflangan har bir so‘m investitsiya odamlarimizga uch baravar ko‘p foyda keltirishi, ularning daromadini oshirishga xizmat qilishi kerak.
Bu fikrlardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, agar davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar to‘liq bajarilsa, mahalla ahli o‘zida g‘ayrat, shijoatni his etsa, sarflangan investitsiya odamlar daromadini oshirsa, yuqorida aytilganidek, mahalla g‘ururlanishga arzigulik ko‘rkam go‘shaga aylanadi.
Bu ulug‘vor vazifalarni hayotga joriy etishda rahbarlar, deputatlar va keng jamoatchilik astoydil harakat qilishi, odamlarni izidan ergashtira olishi lozim. Zero, elni yaxshilik sari yetaklash vatanparvarlikdir.
Asilabonu Sultonova,
O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi
Qashqadaryo viloyati Kengashi mafkuraviy targ‘ibot-tashviqot ishlari bo‘limi mudiri