Elmira Bositxonovani yig‘latgan xabar...
Inson umri cheklangan. U ma’lum yillar, ma’lum oylar, kunlar, soatlar, daqiqalar, boringki, ma’lum lahzalardan iborat.
Insonlar, xalqlar va millatlar tarixiy xotira bilan tirik. Ayniqsa o‘tganlarning xayrli ishlarini yodga olmoq, qadrlamoq biz uchun ham farz, ham qarzdir.
Ma’lumki, joriy yilning 15 mart kuni vaqtning qiymati va ahamiyatini qadrlab, uni qodir bo‘lganicha ezgu ishlar bilan o‘tkazish baxtiga muyassar bo‘lgan O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova 86 yoshida bu yorug‘ olamni tark etdi.
9 may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova o‘zbek kino va teatr san’atining yorqin siymosi To‘ti Yusupova haqidagi o‘zining xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
- Vaqt shunday mablag‘ki, uni ertangi kunga g‘amlab qo‘yish mumkin emas, - deydi E.Bositxonova. – O‘lchab berilgan umrni mazmunli o‘tkazish, yaxshi nom qoldirish har kimning o‘ziga bog‘liq. O‘zbekiston Xalq artisti To‘ti Yusupovaning ijodiy faoliyati katta tarixiy davr. Bu tarixiy davr o‘zbek teatr va kino san’ati uchun katta xazinadir. Men bu inson haqida mana shu ta’rifni keltirishni joiz deb bildim. To‘tixon Yusupova insoniyat tarixidagi eng yaxshi ayol!

To‘tixon opa tabiatan juda tortinchoq, andishali ayol edi. Aktrisaning hayotlik chog‘larida juda ko‘p marotaba uchrashishga, suhbatlashishga musharraf bo‘lganman. To‘tixon opa jamiyatdagi ayollar muammosi, oiladagi ajrimlar, ayol matonati kabi mavzularda menga eng yaqin maslakdosh edi. Ayollar va qizlar muammolari, ularning shaxsiy hayotidagi kamchiliklar, ularning qalbini tushuna olish kabi masalalarda albatta To‘tixon opaning ko‘maklariga ehtiyoj sezardik.
Hayot atoqli san’atkor To‘ti Yusupovani juda og‘ir g‘amlar ko‘p bilan sinadi.
“Turmush o‘rtog‘im bilan bu hayotning ne-ne mashaqqatlarini ko‘rmadik, - degan edi bir suhbatimizda. - Bir-biridan zabardast ikki o‘g‘limni tuproqqa qo‘ydim. Katta o‘g‘limdan qolgan uch nafar qiz, kichigidan yodgorlik ikki nafar o‘g‘il nabiralarim uchun ham Allohning bu sinoviga sabr qilishga majburman”, deya kuyinib yashagan mushtipar ona 30 yoshida beva qolgan ikkinchi kelinini o‘zi turmushga uzatgan, ammo taqdir uni yana sinashda davom etgan. O‘z farzandidek aziz bo‘lib qolgan kelini ham bu hayotda uzoq yashamadi.
Aktrisa sahnada aksariyat hollarda ona obrazini gavdalantirar edi. Suhbatlarimizda ham ko‘p bora “Bu obraz men uchun juda-juda maroqli”, deya ta’kidlariga guvoh bo‘lganman.
Hamon yodimda, mamlakatimizda keng nishonlanadigan 9-may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda uchrashib qolsak, To‘tixon aya bilan uzoq tarix xotiralariga sho‘ng‘irdik. Aynan mana shu kunda ayaning dardi yangilanardi.
“Har gal ona obrazini yaratib, sahnaga qadam qo‘yganimda, urush davridagi onalarning chekkan aziyatlari ko‘z oldimda qayta gavdalanadi. G‘am-anduhga botgan onalar hamon ko‘z oldimda. Ular farzandlarini, og‘a-inilari, sevimli yorini kutib, kun botguncha ko‘chada o‘tirganlariga guvohman. Har bir ona rolini ijro qilganimda, agar rol fojiali bo‘ladigan bo‘lsa, shu ayollar ko‘z oldimdan lenta bo‘lib o‘tishadi. Ona obrazini yaratishga menda qiyinchilik yo‘q. Bajonidil bajaraman bu ishni”, deya o‘zining o‘tmish xotiralarini so‘zlab berardi.
To‘tixon Yusupova ijro etgan har bir obraz qahramoni o‘zbek teatr va kino san’atining durdonasi desak, yanglishmagan bo‘lamiz. To‘ti Yusupova o‘z kasbining fidoyisi sifatida O‘zbekiston xalq artisti unvoni, «Mehnat shuhrati», "El-yurt xurmati” , Fidokorona xizmatlari uchun” kabi ordenlar bilan taqdirlangan. Agar sabr va bardosh, matonatga mukofot berilganda edi, bu ayolni birinchilardan ana shunday ro‘yxatga kiritish mumkin bo‘lar edi. Men o‘zbek ayolining nafosati, latofati, metin irodasi, sabr-bardoshi, fidoyiligi kabi barcha ezgu fazilatlarini To‘tixon Yusupovada ko‘rganman.
O‘zbek ayoli siymosini yarata olgan To‘tixonim Yusupovaning o‘limi haqidagi xabar meni sarosimaga solib qo‘ygan. Salkam to‘qson yoshga yaqinlashgan bo‘lsa-da, men bu kabi fidoyi inson bilan xayrlashishga tayyor emas edim.
Bu ajoyib inson bilan o‘tgan vaqtlar ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Men To‘tixon opa bilan kechgan har bir suhbatimizni yig‘lab xotirladim. Shuni his qildimki, biz nafaqat o‘zbek teatr va kino san’atining nodir gavharini, balki metindek bardoshli o‘zbek ayolini, ulug‘likka loyiq xizmatlari bo‘lgan ONAni yo‘qotgan edik.
Ha, o‘lim haq. Banda bu haqiqatni doim esida saqlab, bir kun keladigan o‘limga go‘zal amallar bilan hozirlik ko‘rib yurishi kerak. Yaxshilarning yorqin xotirasi esa qalblarimizda hamisha saqlanib qolishiga ishonaman.
Mamlakatimizda 9 may - Xotira va qadrlash kunining nishonlanishi ham bejiz emas albatta. Zero, qadr-qimmatimizni, or-nomusimizni, milliy an’analarimiz va urf-odatlarimizni himoya qilib, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etish, ezgu ishlarini davom ettirish hamda safimizda eson-omon, bardam bo‘lib, barchamizga ma’naviy madad berib, ibrat bo‘layotgan faxriylarni qadrlash bizga tinchlik, omonlik kerak, deb yashaydigan bag‘rikeng xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA