Elit OCHL: “Paxtakor”ni jiddiy sinov kutmoqda
Futbol bo‘yicha Osiyo Elit chempionlar ligasining 1/8 final bosqichidan o‘rin olgan "Istiqlol" - "Al-Nasr" va "Al-Vasl" - "Al-Sadd" klublari o‘rtasidagi o‘yin keskin va murosasiz o‘tdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, "Al-Vasl" maydonida o‘tkazilgan o‘yinning 3-daqiqasida mezbonlar hisobni ochdi. Birinchi bo‘lim 1:0 hisobida yakunlandi. Ikkinchi bo‘limning 68-daqiqasida Al Yazidi Akrom gol urib, "Al-Sadd"ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.

Endi bu jamoalar o‘rtasidagi javob bahsi 10 mart kuni Qatarda bo‘lib o‘tadi.
Nimchorak final doirasidagi "Istiqlol" - "Al Nasr" uchrashuvida hisob ochilmadi va mazkur tur g‘olibi 10 mart kuni Saudiya Arabistonida aniqlanadigan bo‘ldi.
Bugun, 4 mart kuni Elit OCHL musobaqasining nimchorak final uchrashuvlari doirasida “Paxtakor” – “Al-Hilol” hamda “Al-Rayan” – “Al-Ahli” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.

Poytaxtimizdagi “Jar” stadionida o‘tadigan “Paxtakor” – “Al-Hilol” uchrashuvi oldidan har ikkala jamoa haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishni lozim ko‘rdik.
“Paxtakor” va “Al-Hilol” jamoalari Osiyo chempionlar ligasida eng ko‘p qatnashgan klublar hisoblanadi. Jamoalar ayni paytga qadar 8 marta to‘qnash kelgan. Ulardan 5 tasida “Al-Hilol” zafar quchgan bo‘lsa, 3 bellashuv durang bilan yakunlangan. “Paxtakor” o‘zaro o‘yinlarda 5 to‘p kiritgan bo‘lsa, raqib 15 bor gol urgan.
Statistikaga asosan, “Al-Hilol” poytaxtimiz klubidan ancha yaxshiroq natijaga ega ekanini ko‘rishimiz mumkin. Biroq, ushbu ma’lumotlar tarixga aylangan. Umid qilamizki, joriy mavsumda o‘z tarkibi va o‘yin uslubini yangilagan “Paxtakor” klubi bugungi bahsda muxlislarimiz uzoq kutgan g‘alabaga erishadi.
Eslatib o‘tamiz, “Paxtakor” hamda “Al-Hilol" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin maxalliy vaqt bilan soat 21:00da boshlanadi. Javob uchrashuvi 11 mart kuni Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA