“Elektron poetik lug‘at” yaratildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ajratilgan mablag‘lar asosida amalga oshirilgan “Elektron poetik lug‘at” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Loyiha rahbari, filologiya fanlari doktori Gulnoza Odilova mazkur lug‘atni yaratishdan ko‘zlangan maqsad, lug‘atning imkoniyatlari, qulayliklari va afzalliklari haqida so‘z yuritdi, shuningdek, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berib, loyihani yanada takomillashtirish borasida yig‘ilganlar bilan fikr-mulohaza almashdi.
Mazkur lug‘at tarjimashunoslikda bir tildan ikkinchi tilga o‘girilayotgan badiiy asarning o‘ziga xos nozik qirralarini ochib berishda tarjimon uchun yaqindan ko‘makchi bo‘ladi. Tarjimon bu jarayonda elektron lug‘atdan foydalanib, o‘zi uchun murakkablik tug‘dirgan so‘z yoki so‘z birikmasining ma’nosini bilishi va uni boshqa tilga qanday usulda tarjima qilish mumkinligi haqidagi ma’lumotlarni olishi mumkin. Buning uchun saytda yetarlicha qulayliklar yaratilgan.
Masalan, tarjimon elektron lug‘at saytiga kirib, xohishiga ko‘ra, mavjud bo‘lim va boblar asosida yoki so‘zga qidiruv berib kerakli ma’lumotlarni oladi. Lug‘at o‘zbek-ingliz tilida yaratilgan bo‘lib, unda so‘zlarning shunchaki tarjimasini emas, balki ularning o‘zbek va ingliz tilidagi izohi, mana shu so‘z yoki so‘z birikmasi ishtirok etgan badiiy asardan har ikki til adabiyotidan parcha va uni ifodalovchi hamda tarjimonga mohiyatni tasavvur qilishda ko‘maklashuvchi fotosurat bilan boyitilgan kontentni ko‘rishi mumkin.
– Shuningdek, lug‘at bazasini yanada boyitishga foydalanuvchilar ham o‘z hissalarini qo‘shishlari mumkin. Shu maqsadda foydalanuvchi uchun taklif berish bandi yaratilgan. Ya’ni agar tarjimonda so‘zlarning muqobil tarjimasi bilan bog‘liq ijodiy takliflar bo‘lsa, saytda yozib qoldirishi mumkin. Sayt administratori takliflarni ko‘rib chiqib, ma’qul variantlarni saytning asosiy bazasiga qo‘shishga ruxsat beradi, – deydi loyiha rahbari, filologiya fanlari doktori Gulnoza Odilova.
Ushbu “Elektron poetik lug‘at” 7 ta tematik bo‘lim, 115 bob va jami 2299 ta so‘zdan iborat.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA