Elektron o‘g‘irliklar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Parlament quyi palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Kiberxavfsizlikni ta’minlash va raqamli muhitdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Loyihada Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartishlar kiritish, axborot xavfsizligi talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, elektron to‘lov vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazo choralarini qat’iylashtirish nazarda tutilgan.

— O‘rganishlardan ma’lum bo‘ldiki, bank kartalari bilan bog‘liq jinoyatlarning 95 foizidan ortig‘i begona shaxslar nomidagi bank kartalari yoki elektron hamyonlar orqali sodir etilmoqda, — dedi deputat Zuhra Mirg‘oziyeva. — Bu jinoyatni fosh etishni yanada qiyinlashtirmoqda. Asosiy javobgarlar aybsiz qolib ketyapti.
Loyiha bilan amaldagi qonunchilikka elektron to‘lov vositasi yoki kripto-hamyon yoxud bank hisobvarag‘ining boshqarish imkoniyatini beruvchi ma’lumotlarni qasddan boshqa shaxsga berish, to‘lov operatorlarining bu boradagi talablarga rioya etmaganligi natijasida yuzaga kelgan moddiy zararni ular hisobidan undirish belgilanmoqda. Ya’ni, fuqaroning bank kartasiga kiberhujum amalga oshirilsa, tegishli bank xavfsizlik choralarini ko‘rmagani uchun javobgar bo‘ladi.

Shuningdek, karta ma’lumotlari noqonuniy faoliyat uchun berilib, jinoyatga sabab bo‘lgan taqdirda javobgarlik belgilanadi.
Muhokamalar jarayonida ta’kidlanganidek, qonun loyihasi javobgarlikni kuchaytirish bilan birga, profilaktik mexanizmlarni ham nazarda tutmoqda. Bu ham fuqarolarning, ham tashkilotlarning mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda institutsional infratuzilmani shakllantirish asosiy vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA