Elektromobillar ishlab chiqarishda favqulodda holatlarning oldini olish masalalari muhokama qilindi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Elektromobillar: ishlab chiqarish, ekspluatatsiya, xavfsizlik va ularning utilizatsiyasiga kompleks yondashuv” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni akademiya boshlig‘i yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov kirish so‘zi bilan ochib, elektromobillar xavfsizligini faqat bitta fan yoki mutaxassislik doirasida ko‘rib chiqish mumkin emasligini ta’kidlab, muhandislik bilimlari, yong‘in xavfsizligi, qutqaruv ishlari, texnik ekspertiza, favqulodda vaziyatlarni boshqarish, raqamli texnologiyalar va ekologik xavfsizlik yo‘nalishlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish zarurligini qayd etdi.
[gallery-31611]
Tadbirda qayd etilganidek, bugungi kunda elektromobillarni rivojlantirish jarayoni transport va avtomobilsozlik bilan bir qatorda, inson hayoti va xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, energetika, ekologiya, texnik xizmat ko‘rsatish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularga javob berish kabi qator yo‘nalishlarni ham qamrab olmoqda.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar tomonidan elektromobillar sohasining rivojlanish tendensiyalari, ishlab chiqarish texnologiyalari, akkumulyator batareyalaridan ikkilamchi foydalanish imkoniyatlari hamda xavfsizlik masalalari, elektromobillar masalasiga ishlab chiqarishdan boshlab ekspluatatsiya, texnik xizmat ko‘rsatish, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va utilizatsiyagacha bo‘lgan yagona hayotiy sikl nuqtai nazaridan yondashish masalalari ilmiy-amaliy jihatdan muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda elektr transport vositalarining rivojlanish tendensiyalari haqida O‘zbekistonda elektr transport vositalarining rivojlanish tendensiyalari, elektromobillarning ishlab chiqarish texnologiyalari hamda elektromobillarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar va ularni bartaraf etish usullari, yuqori kuchlanishli akkumulyator tizimlari bilan bog‘liq xavflarni oldindan aniqlash, yong‘inlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, elektromobillar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarida qutqaruv ishlarini tashkil etish masalalariga alohida haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Anjuman davomida elektromobillarni rivojlantirish jarayonida texnologik taraqqiyot bilan bir qatorda transport va yong‘in xavfsizligi, ekologik mas’uliyat hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalalarini ham uyg‘un ravishda rivojlantirish zarurligi qayd etilib, ishtirokchilar tomonidan elektromobillar xavfsizligi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, qutqaruv bo‘linmalarining maxsus tayyorgarligini takomillashtirish, ishlab chiqarish korxonalari va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kuchaytirish, akkumulyator batareyalaridan ikkilamchi foydalanish va ularni xavfsiz utilizatsiya qilish bo‘yicha tadqiqotlarni rivojlantirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Anjuman doirasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi va “BYD Uzbekistan“ MCHJ o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Mazkur hujjat elektromobillar va ularning akkumulyator tizimlari xavfsizligi, yong‘in va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ilmiy-tadqiqot hamda mutaxassislarni tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Memorandum doirasida elektromobillar va akkumulyator tizimlarining tuzilishi, ekspluatatsiyasi va xavfsizligi bo‘yicha bilim va tajriba almashish, elektromobillar bilan bog‘liq yong‘in va favqulodda vaziyatlarni aniqlash, ularning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.
Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA